UZEX xalqaro birja hamjamiyatidagi mavqeini mustahkamlamoqda

O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi (UZEX) jahon birja hamjamiyatidagi o‘z o‘rnini tobora mustahkamlab, yetakchi xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishda davom etmoqda.

Taypey shahri (Tayvan)da bo‘lib o‘tgan Xalqaro fyuchers bozorlari assotsiatsiyasi (AFM) aʼzolarining 28 yillik umumiy yig‘ilishi va Xalqaro birja anjumani natijalariga ko‘ra, UZEX rahbari fyuchers savdosi sohasidagi eng nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri bo‘lgan AFM Ijroiya kengashi aʼzoligiga saylandi.

UZEXning AFM boshqaruv organiga saylanishi O‘zbekistonning xalqaro birja hamjamiyatidagi o‘rni va ahamiyati ortib borayotganini tasdiqlaydi hamda mamlakatda zamonaviy birja mexanizmlari, moliyaviy infratuzilma va bozor institutlarini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning xalqaro miqyosda yuksak eʼtirof etilganidan dalolat beradi.

Mazkur qaror UZEXga birja sohasini rivojlantirishning global jarayonlarida faol ishtirok etish, zamonaviy moliyaviy vositalarni joriy etish, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘zlashtirish hamda dunyoning yetakchi birjalari va moliya institutlari bilan hamkorlikni mustahkamlash imkonini beradi.

Tadbirning yana bir muhim natijasi sifatida 2027 yilda O‘zbekistonda AFMning 29 yillik umumiy yig‘ilishi hamda Xalqaro birja anjumanini o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror bo‘ldi.

AFM tarixida ilk bor ushbu darajadagi yirik xalqaro tadbir Markaziy Osiyo mintaqasida o‘tkaziladi. Tadbirda dunyoning yetakchi birjalari, kliring tashkilotlari, investitsiya va moliyaviy institutlar, brokerlik kompaniyalari hamda zamonaviy birja infratuzilmasini taʼminlovchi ilg‘or texnologik kompaniyalar rahbarlarining ishtiroki kutilmoqda.

Xalqaro anjuman tovar va moliyaviy bozorlar rivojlanishining asosiy tendensiyalari, fyuchers savdosini tashkil etish, kliring va hisob-kitob tizimlari, xatarlarni boshqarish, raqamli transformatsiya hamda birja infratuzilmasi faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalarini muhokama etish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Forumning o‘tkazilishi O‘zbekistonda derivativlar bozorini rivojlantirish va fyuchers savdosining zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan UZEX strategiyasini amalga oshirish doirasida alohida strategik ahamiyatga ega. Mazkur strategiyaning asosiy elementlaridan biri “UZEX Global” qo‘shma korxonasining tashkil etilishi bo‘lib, u mahalliy tadbirkorlarga xalqaro derivativlar bozorlari va narx xatarlarini xedjirlashning zamonaviy vositalaridan foydalanish imkoniyatini beradi.

O‘zbekistonda AFMning yillik yig‘ilishi va Xalqaro birja anjumanining o‘tkazilishi UZEXning xalqaro maydondagi mavqeini yana-da mustahkamlash, O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda mamlakatni Markaziy Osiyoda birja savdosi va moliyaviy infratuzilmani rivojlantirishning istiqbolli markazlaridan biriga aylantirishda muhim qadam bo‘ladi.

Maʼlumot uchun: Xalqaro fyuchers bozorlari assotsiatsiyasi (AFM) dunyoning turli mamlakatlaridagi birjalar, kliring tashkilotlari, moliya institutlari hamda professional bozor ishtirokchilarini birlashtirgan xalqaro notijorat tashkilotdir. Assotsiatsiya 1998 yilda Buenos-Ayres shahrida (Argentina) tashkil etilgan.

AFMning asosiy maqsadi tashkil etilgan birja va derivativ bozorlarni rivojlantirishga ko‘maklashish, ilg‘or xalqaro tajriba almashinuvini taʼminlash, professional muloqotni rivojlantirish hamda jahon birja industriyasi ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61718 | Инструменты