Huawei 1
Fitch Ratings O‘zbekistonning kredit reytingini barqaror darajada tasdiqladi

Fitch xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini BB- (barqaror kutilma) darajada tasdiqladi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonning nisbatan past davlat qarzi tufayli reyting shunday barqaror darajada saqlanib qolmoqda. 

Shuningdek, katta fiskal va tashqi buferlar, yalpi ichki mahsulotning yuqori o‘sish tendensiyasi va iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha islohotlarning rivojlanishi reytingga ta’sir o‘tkazadi.

Mutaxassislar mazkur reytingni tuzishda iqtisodiy aktivlikni yaxshiroq o‘zida aks ettirishi uchun YIM bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarni shu oy boshida qayta ko‘rib chiqqan. Unga ko‘ra, iqtisodiy faollik 2023-yilga qaraganda 11,8% ga o‘sgan. Mamlakatdagi qurilish va restoran sohasida qayd etilgan yuqori faollik ham e’tiborga olingan.

Fitch Ratings mutaxassislari O‘zbekistonda davlat moliyaviy boshqaruvi mustahkamlanganini ham e’tirof etgan.

“YIM 2024-yilning birinchi yarmida 6,4 foizga o‘sdi, bu investitsiyalar va real o‘sishning 8,6 foizga o‘sishiga yordam berdi. Biz yillik o‘sish 6,2 foizni tashkil qilishini prognoz qilamiz”,  deyiladi hisobotda.

Mutaxassislar islohotlar va boshqaruv sohasidagi taraqqiyotni ham qayd etgan.

“So‘nggi yillarda iqtisodiy islohotlarda sezilarli yutuqlarga erishildi, shu jumladan, o‘tgan yili Ipoteka bank xususiylashtirildi, 2023-yil oktyabr oyida yuridik shaxslar uchun, 2024-yilning may oyidan esa uy xo‘jaliklari uchun energiya narxlari oshirildi.

Yana ikkita yirik bank — Asaka va SQBni xususiylashtirish rejalari sekinroq bo‘lsa-da davom etmoqda. O‘zbekistonning Jahon banki boshqaruvi bo‘yicha umumiy reytingi 2020-yildan buyon 9,6 foizga yaxshilandi va JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar tezlashdi”,  deyiladi Fitch Ratings hisobotida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91312 | Инструменты