Huawei 1
Markaziy bank kafolatlangan omonatlarning cheklanishiga izoh berdi

“Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani haqida xabar bergan edik

Markaziy bank bu bo‘yicha izoh berdi.

Endilikda kafolatlangan omonat miqdori bir bankda bir omonatchiga 200 mln so‘mni tashkil etadi. Bu talab bankka qo‘yiladigan yangi omonatlarga nisbatan qo‘llaniladi. Agar Sizning banklarda yangi qonun kuchga kirgunga qadar qo‘ygan muddatli yoki jamg‘arma omonatingiz bo‘lsa, omonatlaringiz miqdoridan qatʼi nazar to‘liq kafolatlanadi.

Agarda pulingiz 200 mln so‘mdan kam miqdorni tashkil etadigan bo‘lsa, unda omonatingiz to‘liq miqdorda kafolatlanadi.

Yana bir yangilik, endilikda faqat aholining emas, balki tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlarning ham omonatlari kafolatlanadi.

Omonatlarni kafolatlash nima uchun kerak va ularni maʼlum miqdorda kafolatlashning muhim jihatlari nimalardan iborat?

- Birinchidan, bu omonatchilarni himoya qilish, yaʼni bank tugatilgan taqdirda, omonatchilarga ularning mablag‘larini qaytarish;

- Ikkinchidan, bu banklarni yuqori foiz stavka bilan emas, balki barqaror faoliyat bilan raqobatlashishga undaydi.

Omonat miqdoringiz 200 mln so‘mdan oshsa, qanday kafolatlanadi?

Shuni aytish kerakki, kafolatlangan omonat miqdori 200 mln so‘mni tashkil etadi degani, bankka undan ko‘proq pul qo‘yish mumkin emasligini anglatmaydi. Aksincha pullarni bankda saqlash, ularni uyda saqlashdan ancha xavfsiz va manfaatli. Omonatni bu miqdorda kafolatlash esa faqatgina bank tugatilgan taqdirdagina qo‘llaniladi, aks holda banklar omonatlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini shartnoma asosida bajaraveradi.

Kompensatsiya to‘lab berish muddatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak: yangi qonun qabul qilinguncha omonatlarni qaytarib berishni boshlash muddati 83 kunni tashkil etgan, endi esa bu muddat 20 ish kunini tashkil etadi va bosqichma-bosqich 7 ish kuniga qisqartiriladi. Bu degani Agentlik kompensatsiyani to‘lab berishni boshlashi uchun unga eng uzog‘i bilan 20 ish kuni beriladi, zarur tadbirlar amalga oshirilgan taqdirda, agentlik ushbu muddatdan ham oldin to‘lab berishi mumkin bo‘ladi.

Agarda siz kompensatsiya to‘lab berish uchun belgilangan muddat ichida o‘z mablag‘laringizni qaytarib olishga ulgurmagan bo‘lsangiz ham xavotirga o‘rin qolmaydi, yaʼni o‘z pullaringizni agentlikdan istalgan vaqtda qaytarib olishingiz mumkin bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22516 | Инструменты