Buning uchun Osiyo taraqqiyot banki $8,39 mln qarz ajratadi
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va "Nephrocare Health Services Central Asia" MCHJ (NephroPlus) O‘zbekistonda ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarni yaxshilash maqsadida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida 4 ta dializ markazini barpo etish maqsadida 8,39 mln AQSH dollargacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtirish paketini imzoladilar.
Ushbu kelishuv orqali OTB O‘zbekistonda xususiy sog‘liqni saqlashni birinchi martta moliyalashtirayotgan bo‘lib, mamlakatda sog‘liqni saqlash sohasidagi birinchi xalqaro DXSH dasturini qo‘llab-quvvatlasha qaratilgan.
Moliyalashtirish o‘z ichiga OTBning oddiy kapital resurslari hisobidan ajratilayotgan 5,03 mln AQSH dollarigacha bo‘lgan qarzni va OTB tomonidan Yetakchi Osiyo xususiy infratuzilma fondidan (LEAP) ajratilayotgan 3,36 mln AQSH dollarigacha bo‘lgan qarzni boshqarishni oladi.
Mablag‘lar birinchi navbatda NephroPlus tomonidan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan tuzilgan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi shartnomaga asosan Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida dializ markazlarini loyihalash, qurish, foydalanish va ta’mirlashga yo‘naltiriladi. Toshkentdagi dializ markazi 160 dializ apparatiga ega bo‘ladi va u dunyodagi eng yirik dializ markazlaridan biriga aylanadi. 
“Dializ surunkali buyrak kasalligiga (SBK) chalingan odamlarga samarali hayot kechirish imkonini beradi. O‘zbekistonda dializ xizmatlariga bo‘lgan talab, ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi davrida taklifdan ancha oshib ketdi va shu sababli, ushbu loyiha mamlakatda juda zarur bo‘lgan dializ xizmatlarining mavjudligi va ulardan foydalanish imkoniyatini yaxshilaydi. Ushbu loyiha sog‘liqni saqlash sohasidagi muhim kamchiliklarni bartaraf etishda xususiy sektor qanday rol o‘ynashi mumkinligini namoyish etadi”, - dedi OTBning Xususiy sektor bilan operasiyalar departamentining Investisiyalar bo‘yicha mutaxassisi Amanda Tan.
Taxminlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 30 mingga yaqin bemor SBKdan aziyat chekmoqda va bunda mamlakatda 3500 dan ortiq dializ apparati yetishmaydi. To‘rtta yangi markaz kamida 1100 nafar bemorga sifatli dializ xizmatlarini, jumladan gemodializ va peritoneal dializ xizmatlarini ko‘rsatadi. Ushbu xizmatlarining xaqi davlat tomonidan qoplanadi.
Bundan tashqari, OTB NephroPlus-ga ayollarning dializ markazlarida texnik va malakali ishlarda ishtirok etishini maxsus treninglar orqali oshirish, shuningdek, ularning ish joylarida gender tengligini ta’minlash bo‘yicha choralarni kuchaytirish bo‘yicha gender choralar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirishga yordam beradi. NephroPlus, shuningdek, dializ apparatlaridan foydalanish va dializni amalga oshirishga o‘qitilgan xodimlarning yarmini ayollar tashkil etishiga intiladi.
“Biz O‘zbekistonda birinchi bo‘lib peritoneal dializni taqdim etishdan mamnunmiz va u qishloq joylaridagi bemorlar uchun dializ xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaxshilaydi. Biz faoliyatimizni kengaytirishda davom etarkanmiz, O‘zbekistondagi birinchi xalqaro sog‘liqni saqlash sohasidagi DXSHning xususiy sherigi bo‘lganimizdan va OTB kabi xalqaro moliya tashkiloti bilan aloqalar o‘rnatganimizdan mamnunmiz”, - dedi NephroPlus Bosh ijrochi direktori Vikram Vuppala.
"Nephrocare Health Services Central Asia" MCHJ - "Nephrocare Health Services Private Limited" kompaniyasining shoʻba korxonasidir. Nephrocare Health Services Private Limited Osiyo va Tinch okeani mintaqasida 300-dan ortiq markazga ega bo‘lgan eng yirik dializ xizmatlarini yetkazib beruvchilardan biridir. Uning xizmatlariga markazda dializ, peritoneal dializ, chaqiruv asosida dializ, g‘ildiraklardagi dializ va dam olish vaqtidagi dializ kiradi. Dializ bemorlariga sog‘lom, baxtli va samarali hayot kechirishlariga imkon berish uchun kompaniya Hindiston, Nepal, O‘zbekiston va Filippinda yuqori sifatli va arzon dializ xizmatlarini ko‘rsatuvchi markazlarni loyihalashtirish, qurish va boshqarish bilan shug‘ullanadi.
LEAP - bu OTB tomonidan boshqariladigan fond bo‘lib, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan ajratilgan 1,5 mlrd. AQSH dollari miqdorida kapitalga ega. LEAP 2016-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uglerod chiqindilarini kamaytirishga, energiya samaradorligini oshirishga va OTBning rivojlanayotgan a’zo mamlakatlariga arzon sog‘liqni saqlash, ta’lim va aloqa xizmatlarini taqdim qiluvchi yuqori sifatli, barqaror xususiy sektor infratuzilma loyihalarini taqdim etishga qaratilgan.
OTB o‘ta qashshoqlikka barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishishga intiladi. OTB 1966 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 68 mamlakat a’zo bo‘lgan. Ularning 49 tasi mintaqada joylashgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90214 | Инструменты