29–31-avgust kunlari Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan “Green Hills Resort” turistik va sport klasterida ilk bor shaxmat boʻyicha xalqaro nufuzli turnir boʻlib oʻtdi. Ikki kun davomida shaxmat ixlosmandlari, professional sportchilar, yosh isteʼdodlar hamda korporativ jamoalar ishtirokida rapid va blits yoʻnalishlarida musobaqalar tashkil etildi.
Turnirning eng nufuzli yoʻnalishlaridan biri — MASTERS guruhi boʻlib, unda jami 8 nafar xalqaro grossmeyster bahs olib bordi. Ular orasida 3 nafar xorijiy va 5 nafar Oʻzbekistonlik xalqaro grossmeyster ishtirok etdi. MASTERS guruhi musobaqalari 30–31-avgust kunlari, ikki kun davomida oʻtkazildi. Unda rossiyalik grossmeyster Vladislav Artyemev, ozarbayjonlik Shaxriyar Mamediyarov, turkiyalik Yagizxan Erdogmush, hamda oʻzbekistonlik Rustam Qosimjonov, Nodirbek Abdusattarov, Nodirbek Yaqubboyev, Muxiddin Madaminov va Muxammadzoxid Suyarovlar ishtirok etdi.

Turnir doirasida shaxmatni ommalashtirish va havaskor sportchilar uchun ham keng imkoniyat yaratish maqsadida OPEN guruhi tashkil etildi.
Yosh shaxmatchilar uchun esa NEW STAR guruhi tashkil etildi. Unda 2019-yilda va undan keyin tugʻilgan bolalar rapid dasturida ishtirok etdi. OPEN va NEW STAR guruhlari bahslari 30–31-avgust kunlari “Santa Claus Hall” zalida boʻlib oʻtdi. Bugungi kunga qadar OPEN va NEW STAR guruhlarida 160 nafar ishtirokchi roʻyxatdan oʻtgan, bu esa 80 ta shaxmat taxtasida bahslar oʻtkazilishini anglatadi.

Turnirning yana bir qiziqarli yoʻnalishi — TEAMS guruhi. Unda korporativ jamoalar oʻrtasida jamoaviy shaxmat musobaqasi oʻtkazildi. Har bir jamoa 4 nafar ishtirokchidan iborat boʻladi. TEAMS guruhi bahslari 30-avgust kuni, bir kun davomida, restoran yonidagi yashil maydonda tashkil etildi.
Xalqaro turnirning “Green Hills Resort” hududida oʻtkazilishi shaxmat sportini rivojlantirish, yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash, professional va havaskor shaxmatchilarni bir maydonda jamlash hamda Toshkent viloyatining turizm salohiyatini sport tadbirlari orqali keng targʻib qilishga xizmat qildi.

Musobaqalar davomida professional grossmeysterlar ishtirokidagi nufuzli bahslar, yosh shaxmatchilar bellashuvlari, ommaviy OPEN turniri va korporativ jamoalar oʻrtasidagi musobaqalar oʻtkazildi.
Musobaqalar so'nggida esa g'oliblar pul mukofotlari bilan taqdirlandi.



Alpha version: 0.9.1.19 build 90200 | Инструменты