“Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashni rivojlantirish loyihasi” bo‘yicha bitim imzolandi. Mazkur loyiha zamonaviy, samarali va iqlim omillarini hisobga oluvchi qishloq xo‘jaligi texnikasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Saudiya Arabistonining “Saudi Press Agency” axborot agentligida Islom taraqqiyot banki guruhi prezidenti Muhammad al-Jassir hamda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov bilan uchrashuviga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
Maqolada yozilishicha, ushbu uchrashuv Bangkokda bo‘lib o‘tgan Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2026-yilgi yillik yig‘ilishlari doirasida tashkil etilgan.
Uchrashuvda tomonlar sheriklikni yanada kengaytirish, transport, qayta tiklanuvchi energetika, suv resurslarini boshqarish, sog‘liqni saqlash, islomiy moliyalashtirish, kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qildi.
Islom taraqqiyot banki va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida bank tomonidan to‘liq moliyalashtiriladigan, umumiy qiymati 202 million dollarni tashkil etadigan “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashni rivojlantirish loyihasi” bo‘yicha bitim imzolandi.
Mazkur loyiha zamonaviy, samarali va iqlim omillarini hisobga oluvchi qishloq xo‘jaligi texnikasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Bu loyiha unumdorlikni oshirish, resurslardan foydalanish samaradorligini yaxshilash hamda qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tomonlar hamkorlikni chuqurlashtirish hamda O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatning uzoq muddatli ustuvor maqsadlariga erishishga xizmat qiladigan tashabbuslarni ilgari surish muhimligini ta’kidladi.
Muhammad al-Jassir bank guruhi barqaror va inklyuziv o‘sishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston hukumati bilan yaqin hamkorlik aloqalarini kelgusida ham davom ettirishini ma’lum qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102617 | Инструменты