Huawei 1
O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 2027-yilda 20 mlrd dollargacha yetishi mumkin

Markaziy bank tomonidan “Pul-kredit siyosatining 2025-yil va 2026-2027-yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari”ning dastlabki konseptual loyihasi eʼlon qilindi.

Joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti pul-kredit siyosatining 2024-yil va 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarining bazaviy ssenariysi doirasida kutilganidan biroz yuqoriroq surʼatlarda o‘sishda davom etmoqda. Aholi daromadlarining o‘sishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning yuqoriligi ichki talabni shuningdek, iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan bo‘lmoqda.

Asosiy ssenariy prognozlari ichki va tashqi sharoitlar joriy holatlarda saqlanib qolishi va davom etishi xususan, global inflyatsiya pasayib borishi, jahonda iqtisodiy o‘sish surʼatlarining ijobiy va xomashyo narxlarining nisbatan yuqori darajada saqlanib qolishi, ichki talabning oshib borishi hamda islohotlarning faol davom ettirilishi shartlari asosida amalga oshirildi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysiga ko‘ra, YAIMning real o‘sishi qatʼiy pul-kredit sharoitlari va fiskal konsolidatsiya taʼsirida 2025-yilda 5,5-6 foiz, 2026-yilda 5,5-6,5 foiz, 2027-yilda esa 6-6,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining taʼminlanishi hisobiga isteʼmol talabi normallashuvi va inflyatsiyaning 2025 yilda 6-7 foizgacha pasayishi, 2026-2027-yillarda 5 foizlik targetiga yaqin darajada shakllanishi kutilmoqda. 2026 yilning ikkinchi yarmida inflyatsiyaning target ko‘rsatkichiga yetishi pul-kredit sharoitlarini maʼlum darajada yumshatib borish va bosqichma-bosqich neytral fazaga o‘tkazish imkonini beradi.

Muqobil ssenariyda iqtisodiy faollikning maʼlum darajada pasayishi va qatʼiy pul-kredit sharoitlarining saqlab qolinishi fonida umumiy inflyatsiya 2025 yilda 7-8 foizga, 2026 yilda 6 foizga yaqin bo‘lishi va 2027 yilning birinchi yarmida 5 foizlik targetgacha pasayishi kutilmoqda. Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy va muqobil ssenariylariga qo‘shimcha ravishda inflyatsiyani oshiruvchi xatarlarning ortishiga asoslangan xatarli ssenariy ham ko‘rib chiqildi va bunday sharoitda inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan pul-kredit siyosati choralari tahlil qilindi.

Mazkur xatarlar taʼsirida umumiy inflyatsiya 2025 yilda 8-9 foiz, 2026 yilda 7-8 foiz atrofida shakllanishi va 5 foizlik targetga 2027 yilning oxirida yetishi kutilmoqda.

Bunda, targetga yetish ehtimoli pul-kredit siyosatida ko‘riladigan choralar taʼsirchanligiga ham bog‘liq bo‘lib, yana-da qatʼiy pul-kredit sharoitlarini taʼminlashni taqozo etadi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning har qanday ssenariysi sharoitida ham pul-kredit siyosati choralari Markaziy bankning asosiy maqsadi bo‘lgan narxlar barqarorligini taʼminlashga qaratilib, inflyatsiyani 5 foizlik targetigacha pasaytirish va ushbu darajada barqaror shakllanishiga yo‘naltiriladi.

2024 yil yanvar-sentyabr oylari yakuniga ko‘ra, sanoat, qurilish tarmoqlari va xizmatlar sohalarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori o‘sish kuzatildi. Jumladan, real o‘sish darajasi qurilishda – 9,1 foizni, sanoatda – 7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, xizmatlarda – 12,8 foizga teng bo‘ldi.

Yalpi talabni qo‘llab-quvvatlash investitsion faollik, xususan, ushbu jarayonlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kafolatlanmagan xorijiy kreditlar (real o‘sishi – 62,1 foiz) muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Taʼlim, tashish va saqlash, axborot va aloqa xizmatlari hamda uy-joy qurilishiga yo‘naltirilgan mablag‘larning jami investitsiyalardagi ulushi kamayganiga qaramasdan, xizmatlar va qurilish sohasiga yo‘naltirilayotgan investitsiyalarda yuqori o‘sish surʼatlari davom etdi.

2024 yilning yanvar-sentyabr oylarida savdo va pullik, xizmatlardan tushumlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32,1 foizga oshdi va barcha oylarda ijobiy o‘zgarish ko‘rsatkichlari qayd etildi. 2024 yilning 9 oyida turar-joy ko‘chmas mulk bozoridagi narxlarning oylik o‘sish surʼatlari sekinlashib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan pastroq shakllandi. Yuqori narx effektining saqlanib qolayotganligi taʼsirida ikkilamchi bozorda uy-joy narxlari o‘sishi sentyabr oyida so‘m indeksida 15,5 foizni (o‘tgan yilning mos davrida 32,8 foiz) tashkil etdi. 2024 yilning iyul oyiga kelib bo‘sh ish o‘rinlari soni kamayganiga qaramasdan, avgust va sentyabr oylarida taklifning biroz yaxshilanib borayotganligi kuzatilmoqda. Bunda asosan, chakana savdo, umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish sohalarida eʼlon qilingan bo‘sh ish o‘rinlari soni qolgan sohalarga nisbatan sezilarli darajada yuqori saqlanib qolmoqda.

Joriy yilning III choragida ham byudjet xarajatlari va daromadlari o‘zgarish dinamikasida sezilarli tafovut saqlanib qoldi. Konsolidatsiyalashgan davlat byudjeti taqchilligi I chorakda YAIMga nisbatan 10 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich II chorakda sezilarli qisqarib 4 foizgacha pasaydi. Bu asosan O‘TTJ va byudjetdan tashqari jamg‘armalarga ajratmalar hamda iqtisodiy xarajatlarning qisqarishi va YAIMning yuqori o‘sishi bilan bog‘liq.

2024 yilning birinchi yarmida byudjet xarajatlarining o‘sish surʼati daromadlar o‘sishidan yuqoriroq shakllandi. Jumladan, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan joriy yilning birinchi choragida daromadlar 11 foizga va xarajatlar 22 foizga o‘sgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkichlar orasidagi nomutanosiblik ikkinchi chorakka kelib qisqardi va daromadlar 8 foizga, xarajatlar esa 5 foizga o‘sdi.

Shuningdek, asosiy ssenariy bo‘yicha, joriy yilda pul o‘tkazmalari hajmining 25-30 foiz atrofida (14,5-15,0 mlrd. dollar) o‘sishi, 2025-2027 yillarda esa fundamental trend doirasida yillik 10-15 foizga oshib borishi prognoz qilinmoqda.

Migratsiya oqimida davlatlar diversifikatsiyasining kuchayib borishi davom etadi. Bunda, yuqori daromadli davlatlar ulushi ortishi hisobiga ushbu davlatlardan pul o‘tkazmalari hajmi o‘sishi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120612 | Инструменты