Tungi klub oldida zo‘ravonlik qilgan Akmal Shukurov 8 yildan ko‘proqqa qamaldi

Toshkent shahridagi tungi klub oldida zo‘ravonlik qilgan Akmal Shukurov jinoiy jazoga tortildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudida Akmal Shukurovga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlangan. Sudning hukmiga ko‘ra, Akmal Shukurov Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Sud hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilingan.

Akmal Shukurov 2025 yil 16 martga o‘tar kechasi, tungi soat 2:30 atrofida Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan restoranlardan birida mushtlashuv sodir qilgandi. U o‘zining tanishi, 40 yoshli Xurshid bilan o‘rtada kelib chiqqan nizo sababli o‘zaro janjallashgan. 35 yoshli Boris esa ularni ajratishga harakat qilgan vaqtida Akmal uni urib tan jarohati yetkazgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102423 | Инструменты