Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida jami 11 kg dan ortiq narkotik moddalar ashyoviy dalil sifatida olindi

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bugun har qanday jamiyat uchun jiddiy muammo sanaladi.

Shu sababli, unga qarshi kurashish borasida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda samarali ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1998 y.t. shaxs belgilangan tartibni buzib, aylanma yo‘llar orqali Tojikiston Respublikasidan 8 kg 860 gr “opiy” moddasini kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimiz hududiga olib o‘tgan vaqtida, “o‘zbek-tojik” davlat chegarasini qo‘riqlayotgan DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, giyohvandlik vositasini tashlab, nomaʼlum tomonga qochadi.

Ammo, buzoqni yugurgani somonxonagacha deganlaridek, ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida og‘ufurush qo‘lga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, Urgut tumanida yashovchi, 1966 y.t. shaxs uning jinoiy sherigi ekanligi aniqlanib, protsessual tartibda ushlandi.

Surxondaryo viloyatida qayd etilgan holatda esa, Denov tumanida yashovchi, 1969 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tekshirilganda, uning yonida 31 gr. “opiy” moddasi borligi maʼlum bo‘ldi.

Shundan so‘ng, u ajal og‘usini Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1978 y.t. fuqarodan sotib olganligi aniqlanib, mazkur narkosavdogarning yashash xonadonidan ham 1 kg 483 gr “opiy” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda, Gurlan tumanida yashovchi, 1952 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun ikki marotaba sudlangan shaxs 877 gr “gashish” moddasini xaridorga 14 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositasi tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan yurtimizga aylanma yo‘llar orqali olib kelingan.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102516 | Инструменты