Noyabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi tarixiy rekordni yangilashda davom etdi. Bu haqda Markaziy bank ma‘lumotlarida keltirilgan.
1-dekabr holatiga ko‘ra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati $61,23 mlrdni tashkil etdi. O‘tgan oyda mamlakat zaxiralari $1,89 mlrdga yoki 3,2% ga, yil boshidan esa 48% dan ortiqqa oshdi. Shu bilan birga, bu ma’lumotlar e’lon qilina boshlangan davrdan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Markaziy bank zaxiralaridagi oltin qiymati ham rekordni yangiladi. Qimmatbaho metall narxi bir oyda $3 mlrddan ortiqqa oshib, $50,86 mlrdni tashkil etdi. Oltinning fizik hajmi ham 0,3 mln unsiya — 11,9 mlndan 12,2 mln troy unsiyaga oshdi.
O‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari $1,09 mlrd yoki 10% ga pasaydi. Natijada ularning hajmi $9,81 mlrddan ortiqni tashkil etdi. Bunda xorijiy markaziy banklar va XVJdagi hisob raqamlaridagi valyuta zaxiralari miqdori $979,4 mln, xorijiy banklarda esa $7,3 mlrd bo‘lgan.
Shuningdek, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlarning qiymati sezilarli darajada oshdi. Noyabr oyida ular $503 mln yoki qariyb 50% gacha ko‘payib, $1,52 mlrdga yetdi. Oltin-valyuta zaxiralarida aksiya va obligatsiyalarning ulushi 2,5% ni tashkil etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120613 | Инструменты