O‘zbekiston Prezidenti Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan birgalikda O‘zbekiston – Iordaniya biznes forumining ochilish marosimida ishtirok etdi. Tadbirda 300 turdagi tovarga pasaytirilgan boj qo‘llashni nazarda tutuvchi Imtiyozli savdo bitimi o‘zaro savdo hajmini 500 million dollarga yetkazishga xizmat qilishi ta’kidlanib, iqtisodiy sheriklikning beshta ustuvor yo‘nalishi ko‘rsatib o‘tildi.
Ikki mamlakat hukumatlari a’zolari, yetakchi kompaniyalar rahbarlari va ishbilarmon doiralar vakillari qatnashgan forumda Iordaniya Sanoat palatasi raisi Fathi al-Jag‘bir ham so‘zga chiqdi. Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida o‘tgan yili Iordaniya Podshohining Samarqandga amalga oshirgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochganini qayd etdi.
So‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmi qariyb 9 barobar, birgina 2025-yilda esa 80 foizga oshgan, O‘zbekistonda iordaniyalik investorlar ishtirokidagi 20 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Toshkent va Ammon o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilib, o‘zaro vizasiz tartib joriy etilgan, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining ilk yig‘ilishlari o‘tkazilgan.
Davlat tashrifi doirasida 300 turdagi tovarga nisbatan pasaytirilgan bojxona bojlari stavkalarini qo‘llashni nazarda tutuvchi Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolangani o‘zaro tovar ayirboshlashni 500 million dollarga yetkazish uchun mustahkam zamin yaratishi ta’kidlandi. Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy sheriklikni kengaytirishning beshta ustuvor yo‘nalishini sanab o‘tdi:
Birinchisi – toʻqimachilik sanoati. Oʻzbekiston xomashyosi va yarim tayyor mahsulotlari asosida Aqaba maxsus iqtisodiy zonasida qoʻshma ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda eksport qilish taklif etildi.
Ikkinchisi – togʻ-kon sanoati. Iordaniyalik investorlar muhim minerallar sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun Toshkent va Samarqandda tashkil etilayotgan “Kelajak metallari” texnoparklarida hamkorlik qilishga taklif etildi.
Uchinchisi – farmatsevtika sanoati. Yangi turdagi farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni birgalikda mahalliylashtirish va ilgʻor texnologiyalar transferini yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi. Bu borada iordaniyalik sheriklar uchun “Tashkent Pharma Park” klasterida zarur sharoit va imtiyozlar yaratilishi taʼkidlandi.
Toʻrtinchisi – kimyo sanoati. Ikki mamlakatning mavjud imkoniyatlarini birlashtirgan holda raqobatbardosh mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish istiqbollari koʻrsatib oʻtildi. Ozuqa qoʻshimchalari, maishiy kimyo mahsulotlari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish boʻyicha erishilgan kelishuvlar olqishlandi.
Beshinchisi – qishloq xoʻjaligi. Qoʻshma agrosanoat klasterlarini tashkil etish, urugʻchilik, bogʻdorchilik va chorvachilikni rivojlantirish orqali ikki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshish mumkinligi taʼkidlandi.
Shuningdek, vizasiz tartib va bevosita aviaqatnovlar turizm sohasida katta imkoniyatlar ochayotgani qayd etilib, iordaniyaliklar qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini ziyorat qilishga taklif etildi. Forum doirasidagi uchrashuvlarda charm sanoati, teletibbiyot, oziq-ovqat, qurilish materiallari, elektrotexnika va logistika sohalaridagi qo‘shma loyihalar ham muhokama qilinib, mehmonlar O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar va investitsiya muhiti bilan tanishtirildi.
Kelgusi yilning mart oyida Toshkent shahrida navbatdagi O‘zbekiston – Iordaniya biznes forumi o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Erishilgan barcha kelishuvlar va qo‘shma loyihalar ijrosi Hukumatlararo komissiya doirasida muntazam monitoring qilib borilishi belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112421 | Инструменты