Joriy yilning 4-avgust kuni Oʻzsanoatqurilishbank umumiy qiymati 100 million AQSH dollari boʻlgan 5 yillik xalqaro obligatsiyalarni xususiy joylashtirishni yakunladi.
Mazkur tranzaksiyada investor sifatida Xalqaro moliya korporatsiyasi, Avstriya taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Germaniya taraqqiyot moliya instituti hamda tashkilotchi bank sifatida Fransiyaning “Societe Generale” banki ishtirok etdi.
Jalb qilingan investitsiyalarning asosiy qismi “yashil” loyihalar, jumladan, energiya samaradorligini oshirish, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, “yashil” qurilish, qayta tiklanadigan energiya hamda suvni tejashga oid loyihalar, shuningdek kichik va oʻrta biznes hamda ayollar tadbirkorligini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
Ushbu tranzaksiya Prezidentimizning shu yil 31-iyuldagi “Oʻzsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va xususiylashtirishni jadallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori doirasida amalga oshirildi. Hujjatda Bank tomonidan joriy yil yakuniga qadar kapital bozorlarida 100 million dollarlik “yashil” obligatsiyalarning chiqarilishi va joylashtirilishi belgilangan.
Taʼkidlash joiz, Oʻzsanoatqurilishbank 2019-yilda Oʻzbekiston tijorat banklari orasida birinchilardan boʻlib xalqaro qarz bozoriga chiqqan. Unda Bank tomonidan London fond birjasiga 300 million dollarlik yevroobligatsiyalar joylashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112407 | Инструменты