Huawei 1
CNN: Yuksalib borayotgan O'zbekiston futbol bo'yicha jahon chempionatida debyut qiladi

Dunyoning yetakchi axborot platformalaridan biri — CNN O'zbekistonning futbol bo'yicha jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritgani haqidagi maqolani e'lon qildi.

Unda qayd etilganidek, payshanba oqshomida O'zbekiston terma jamoasi o'z tarixida birinchi marta futbol bo'yicha jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritdi va Markaziy Osiyo mintaqasidan mundialga chiqqan birinchi davlatga aylandi.

"Abu-Dabi shahrida Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasi bilan qayd etilgan g'alabaga teng durrang "oq bo'rilar"ga "A" guruhida ikkinchi o'rinni egallab, 2026-yilda AQSh, Kanada va Meksikada bo'lib o'tadigan mundial yo'llanmasi taqdim etdi", – deb yozgan manba.

Nashrda O'zbekiston terma jamoasi darvozaboni O'tkir Yusupov bahs davomida amalga oshirgan oltita seyvi bilan jamoasiga qimmatli bir ochkoni taqdim etgani alohida urg'ulangan.

"Futbolga mukkasidan ketgan o'zbek muxlislari o'sha oqshom ushbu tarixiy voqeani milliy musiqa va qo'shiqlar sadosi ostida butun mamlakat bo'ylab keng tantana qildilar, – deyilgan materialda. – Prezident Shavkat Mirziyoyev terma jamoa a'zolariga yo'llagan tabrigida ushbu yutuqni "milliy sport solnomasiga oltin harflar bilan bitiladigan yorqin natija" deb atadi. Unga ko'ra, o'yinchilar muqaddas Qurbon hayiti kunlarida O'zbekiston xalqiga "bayram sovg'asi"ni taqdim etishdi".

Ma'lum qilinishicha, jamoaning ushbu tarixiy yutug'i Osiyo futboli muxlislari uchun kutilmagan holat bo'lmadi, chunki jamoa tarkibida haqiqiy iste'dodlar jamlangan. "Xususan, 21 yoshli iqtidorli himoyachi Abduqodir Husanov hozirda Angliyaning "Manchester Siti" futbol klubida to'p surmoqda. U yanvar oyida ingliz klubi tomonidan Fransiyaning "Lans" jamoasidan 36 million funt sterling (taxminan 45 million AQSH dollari) evaziga sotib olindi. Hujumchi Eldor Shomurodov esa 2020 yildan buyon Italiya "A" seriyasida o'ynayapti. SSKA safida to'p surayotgan umidli hujumchi Abbosbek Fayzullayev ikki yil oldin "Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi" deb topilgan edi", – deya qayd etilgan nashrda.

CNN tarqatgan maqolada yozilganidek, mazkur tarixiy yutuq 1991-yilda mustaqillikka erishgan va 36 million aholiga ega O'zbekiston uchun barcha yosh darajalarida erishilgan olamshumul g'alabalarning mantiqiy davomi bo'ldi. O'zbekistonlik futbolchilar 2018-yilda 23 yoshgacha, 2023-yilda 20 yoshgacha va joriy yilda 17 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasida Osiyo kubogini qo'lga kiritgan.

Ayni paytda jahon reytingida 57-o'rinni egallab turgan O'zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo qit'asidagi uchta o'rindan birini qo'lga kiritib, ilk bor 2024 yilda Fransiyada bo'lib o'tgan yozgi Olimpiya o'yinlarida ham ishtirok etgan.

Ma'lum qilinganidek, 2026-yilda bo'lib o'tadigan mundialda 48 ta jamoa ishtirok etadi. Bu esa har bir qit'aga, shu jumladan Osiyoga qo'shimcha o'rinlar taqdim etdi. "Ammo O'zbekiston terma jamoasining yana bir o'yini qolganini inobatga olsak, o'zbek futbolchilari chempionatning eski – 32 ta jamoadan iborat formatida ham to'g'ridan-to'g'ri yo'llanmani qo'lga kiritgan bo'lardi", – deb yozgan muallif.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60912 | Инструменты