Huawei 1
"Jamoa ko‘proq narsaga loyiq edi": Timur Kapadze Olimpiada o‘yinlaridagi natijalarni sarhisob qildi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze 30-iyul kuni Dominikan Respublikasi bilan durang o‘ynaganidan so‘ng, 2024 yilda Fransiyada bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlaridagi natijalarini sarhisob qildi.

"Birinchi navbatda bizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimiz va xalqimizga rahmat aytaman. Jamoa va o‘zimning nomimdan uzr so‘rayman. Birinchi o‘yinda ham, ikkinchi uchrashuvda ham tomoshabinlarni xursand qilishga harakat qildik. Bugun ham g‘alaba qozonishga harakat qildik, afsuski, nasib bo‘lmadi. Qayerdadir omad, qayerdadir mahorat, tajriba yetishmadi. O‘ziga yarasha qandaydir kamchiliklar to‘sqinlik qildi. Keyingi safar o‘yinimiz bilan albatta xursand qilamiz", — dedi murabbiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston OTJning Olimpiadaga chiqishi katta yutuq bo‘lgan, biroq jamoa turnirni qandaydir yutuq bilan tark etishni xohlagan.

"Lekin, umuman olganda, keldik, havosini ko‘rdik, tajriba yig‘dik. Har uchala o‘yinda kamchiliklar ham ko‘zga tashlandi, baʼzi joylarda yaxshi lahzalar ham kuzatildi. Biz bundan xulosa chiqarib, yana ham kuchli bo‘lamiz", — dedi u.

Timur Kapadze tayyorgarlik bilan bog‘liq noqulayliklarni ham aytib o‘tdi. Jamoa birinchi o‘yinini Parijda o‘tkazdi va keyin Nantga (Fransiya poytaxtidan deyarli 400 km uzoqlikda) yo‘l oldi va uchinchi o‘yin uchun yana Parijga qaytdi.

"Biz birinchi uchrashuvni o‘tkazdik, ertasi kuni tayyorgarlikning o‘rniga yo‘lga chiqdik. Bir kun yo‘qotdik. U yerda ham qiyin uchrashuv bo‘ldi, o‘zi bu yerda oson o‘yin bo‘lmadi. Misr bilan o‘yinning ertasiga yana yo‘lga chiqdik — tiklanish o‘rniga yana yo‘lda bo‘ldik", — dedi mutaxassis.

Bosh murabbiyning fikricha, "jamoa ko‘proq narsaga loyiq edi".

"Biz bundan ham ko‘piga loyiq edik va kuchimiz yetardi — buni uchala o‘yin ham ko‘rsatdi. Qandaydir epizodlar hal qildi, qayerdadir o‘zimizning xatolar hal qildi, qayerdadir yaxshi imkoniyatlardan foydalana olmadik. Ehtimol, mahorat, omad yoki tajriba yetishmadi. Bu turnir biz uchun katta tajriba bo‘ldi. Futbolchilar, shaxsan men, murabbiylar shtabi bu o‘yinlarni ko‘rib ancha o‘sdi… Agar yana bunaqa vaziyatga tushsak, ancha tajribali va qanday harakat qilishni biladigan bo‘lamiz", — deya xulosa qildi Timur Kapadze.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91005 | Инструменты