OFK Elit Chempionlar Ligasi. “Al-Ahli” chempionlikni qo‘lga kiritdi

OFK Chempionlar Ligasi final bahsida Saudiya Arabistonining “Al-Ahli” klubi va Yaponiyaning “Kavasaki Frontale” jamoasi o‘zaro kuch sinashdi. Hal qiluvchi o‘yin Jidda shahridagi “King Abdulla Sport shaharchasi” stadionida bo‘lib o‘tdi. “Al-Ahli” jamoasi finalda ishonchli o‘yin ko‘rsatib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Hisob 35-daqiqada ochildi — braziliyalik futbolchi Venderson Galeno raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Oradan 7 daqiqa o‘tib, Frenk Kessie hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Ikkala golga ham sobiq “Liverpul” hujumchisi Roberto Firmino assistentlik qildi.

Qayd etish joizki, yarim finalda “Kavasaki Frontale” Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi “An-Nasr”ni 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, “Al-Ahli” esa “Al-Hilol”ni 3:1 hisobida taslim qilgandi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, turnirning eng yaxshi o‘yinchilari aniqlandi:

— Eng yaxshi darvozabon — Eduard Mendi (“Al Ahli”, Saudiya Arabistoni)
— Eng yaxshi to‘purar — Salim Al Dovsari (“Al Hilol”, Saudiya Arabistoni)
— Eng yaxshi o‘yinchi — Roberto Firmino (“Al Ahli”, Saudiya Arabistoni)

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21920 | Инструменты