Huawei 1
Osiyo kubogi U23. O‘zbekiston Indoneziyani mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk marta Olimpiadaga yo‘llanma oldi

Qatarda o‘tayotgan Osiyo kubogi U23 yarimfinali doirasida O‘zbekiston olimpiya jamoasi Indoneziyani mag‘lub etib, finalga chiqish bilan birga o‘z tarixida ilk bor Olimpiadaga yo‘llanma oldi. Temur Kapadze shogirdlari Parijda o‘tadigan har to‘rt yillikning eng yirik sport musobaqasida ishtirok etishadi. Vakillarimiz finalda 3 may kuni Iroq – Yaponiya o‘yini g‘olibiga qarshi saf tortadi.

Dohada o‘tgan yarimfinal bahsining birinchi bo‘limida vakillarimiz qator imkoniyatlarga ega bo‘lishsa-da, hisob ochilmadi. Ikkinchi bo‘limda Jasurbek Jaloliddinov va Husayn Norchayev zaxiradan maydonga tushirilgach, hujumkorlik oshdi.

63-daqiqada indoneziyaliklar hisobni ochgan bo‘lsa-da, VAR tekshiruvidan keyin bosh hakam o‘yindan tashqari holatni qayd etib, golni bekor qildi.

68-daqiqada esa Muhammadqodir Hamraliyevning uzatmasini Norchayev golga aylantirib, hisobni ochdi – 1:0.
84-daqiqada indoneziyaliklar sardori Rizqi Ridho Jasurbek Jaloliddinovga nisbatan o‘ta qo‘pol harakat qilgani uchun maydondan chetlatildi.

Oradan ikki daqiqa o‘tib, Abduqodir Husanovning bosh bilan yo‘llagan zarbasini raqib himoyachisi Arhan o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi – 2:0.

Shu tariqa, O‘zbekiston olimpiya jamoasi o‘zbek futbolida tarix yaratdi va Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Kapadze shogirdlari 3 may kuni finalda Iroq – Yaponiya bahsi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122507 | Инструменты