9 iyun kuni O‘zbekiston va Qatar uchrashuvi oldidan jamoalar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Dastlab Qatar terma jamoasi bosh murabbiyi Xulen Lopetegi va futbolchi Abdulaziz Hatim anjumanda ishtirok etdi.
Xulen Lopetegi:
— Avvalo, O‘zbekiston milliy terma jamoasini Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani bilan samimiy tabriklayman. Bu juda katta yutuq va jamoa bunga to‘liq munosib edi. Biz guruhdagi eng kuchli jamoalardan biriga qarshi o‘ynaymiz. Mundialga yo‘l ochilishiga kichik imkoniyatimiz saqlanib qolgan, shuning uchun ertangi o‘yinda boshqa futbolchilarimizni sinab ko‘rish imkoniyati ham bo‘ladi.
O‘zbekistonlik futbolchilar Yevropaning yetakchi ligalarida faoliyat yuritmoqda. Ertangi o‘yinni juda jiddiy qabul qilishimiz kerak, chunki bu bahs oktyabr oyida boshlanadigan pley-off bosqichiga dastlabki tayyorgarlik uchun xizmat qiladi. Imkoniyatimizdan maksimal darajada foydalanib, g‘alaba uchun kurashamiz. O‘tgan uchrashuvlar haqida gapirmoqchi emasman, bor eʼtiborimiz ertangi o‘yinga qaratilgan.
Abdulaziz Hatim:
— Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi bahs olib boramiz. Ikki jamoa o‘rtasidagi uchrashuvlar doimo murosasiz kechgan. Pley-off bosqichiga yo‘l oldik, shuning uchun ertangi o‘yinni kelasi bosqich uchun dastlabki tayyorgarlik o‘yini bo‘ladi. Bu biz uchun juda muhim o‘yin, chunki raqibimiz Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. Ularning futbolchilari jismonan ham, ruhiy jihatdan ham kuchli, biroq biz g‘alaba qozonish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61107 | Инструменты