2017 yil 6 dekabr kuni «Kafolat sug‘urta kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyatida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun «Sug‘urtada zamonaviy axborot texnologiyalari va majburiy sug‘urta turlari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda «KAFOLAT sug`urta kompaniyasi» AJ rahbarlari va mas’ul xodimlari qatnashdilar.

Matbuot anjumanini kompaniya Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Narzullayev qisqacha  kirish so‘zi bilan ochib berdi va olib bordi. So‘nggi yillarda milliy sug‘urta tizimida islohotlarni jadallashtirish, respublikamizda rivojlangan sug‘urta infratuzilmasini yaratish borasida salmoqli qadamlar tashlanmoqda. Sug‘urta faoliyatining iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash hamda bozor munosabatlari sharoitida uni rivojlantirish muhimligini hisobga olib, hukumatimiz muntazam ravishda sug‘urta sektorini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

2017 yil 9 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan PQ-3317-sonli «Kafolat sug‘urta kompaniyasi» AJ faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori ham yuqoridagi fikrimizning yorqin  dalilidir. Anjumanning asosiy mavzusi bo‘yicha kompaniya Boshqaruvi Majburiy sug‘urta departamenti bosh menejeri Dilshod Urunovning ma’ruzasi tinglandi. D.Urunov o‘z prezentatsion taqdimotida majburiy sug‘urta turlari hamda ushbu yo‘nalishda kompaniyada olib borilayotgan  ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Kompaniya tomonidan qonunlar doirasida belgilab berilgan vazifalarni samarali tarzda ijro etish, sug‘urta shartnomalarini tuzish, sug‘urta xodisasi ro‘y berganda sifatli sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish uchun qator tadbirlar amalga oshirildi. Joriy yilning 9 oy yakunlariga ko‘ra kompaniya tomonidan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish turidan 1629 ta ariza va murojaatlar bo‘yicha 4,01 mlrd. so‘m sug‘urta qoplamalari amalga oshirilgan. Ushbu davrda 333,9 ming dona shartnoma imzolanib, 16,9 mlrd. so‘m sug‘urta mukofoti jamlangan. Ushbu turdan sug‘urta mukofotlari bo‘yicha kompaniyaning sug‘urta bozoridagi ulushi 19,5 %ni tashkil etmoqda.

Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish turi bo‘yicha 2017 yil 9 oy yakunlariga ko‘ra 231 ta ariza va murojaatlar bo‘yicha 6,4 mlrd. so‘m sug‘urta qoplamalari amalga oshirilgan. Ushbu sug‘urta turi bo‘yicha 8,7 ming dona sug‘urta shartnomalari imzolanib,  9,8 mlrd. so‘m sug‘urta mukofoti kelib tushgan. Kompaniyaning ushbu tur bo‘yicha bozordagi ulushi 49,9 %ni tashkil etadi, ya’ni, bozorning deyarli yarmini egallagan. Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash turi bo‘yicha hisobot davrida 1560 ta shartnoma imzolanib, 1,8 mlrd. so‘m sug‘urta mukofotlari yig‘ildi. Sug‘urta bozordagi ulushimiz 32,2 % ni tashkil etadi.

Ma’lumki, bugun qaysi soha bo‘lmasin, uning rivojini zamonaviy axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilish mushkul. Shu ma’noda, tizimga eng ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilish axborot almashinuvining yagona tizimini shakllantirish, hujjatlarni rasmiylashtirish hamda sug‘urta faoliyatida ish jarayonlari samaradorligini oshirishda qo‘l keladi. Tadbirning keyingi mavzusi bo‘yicha «KAFOLAT sug’urta kompaniyasi» AJ Boshqaruvi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish departamenti bosh menejeri Ilxom Karimov so‘zga chiqib, prezentatsiya ma’lumotlari bilan anjuman ishtirokchilariga kompaniyada axborot texnologiyalari yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Sug‘urta shartnomalari bo‘yicha o‘z mijozlari oldida qabul qilgan majburiyatlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish «KAFOLAT sug`urta kompaniyasi» AJ ning  ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi va  mijozlarga xar tomonlama manfaatli, sifatli xizmat ko‘rsatishda davom etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 32807 | Инструменты