20-21-aprel Samarqandda transmilliy narkotahdidlarga qarshi global forum o‘tkaziladi

Bugungi kunda giyohvandlik va narkojinoyatlar insoniyat oldidagi eng jiddiy global tahdidlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu illat nafaqat inson salomatligiga, balki jamiyat barqarorligi va davlat xavfsizligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda qariyb 300 million kishi giyohvandlik vositalarini iste’mol qiladi, har yili esa 600 mingdan ortiq inson ushbu illat oqibatida hayotdan ko‘z yumadi.

Mazkur muammo O‘zbekiston uchun ham dolzarb. So‘nggi yillarda narkojinoyatlar sonining ortishi, ayniqsa sintetik giyohvand moddalar tarqalishi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Shu bois mamlakatda narkotik vositalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda yangi, kompleks yondashuv shakllantirilmoqda. Bu yondashuv ochiqlik, tizimli tahlil va keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikka tayanadi.

Aynan shu maqsadda 20–21 aprel kunlari Samarqand shahrida “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusida global forum bo‘lib o‘tadi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi hamda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Forum xalqaro maydonda tajriba almashish, yangi yondashuvlarni ishlab chiqish va davlatlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim platformaga aylanishi kutilmoqda. Unda BMT, Interpol, Yevropa Ittifoqi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Jahon bojxona tashkiloti kabi 20 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, 50 ga yaqin davlatdan yuqori darajadagi delegatsiyalar ishtirok etadi.

Forum doirasida zamonaviy texnologiyalar ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi. Unda sun’iy intellekt asosidagi tahliliy tizimlar, raqamli monitoring platformalari va noqonuniy narkotik traffikni aniqlashga mo‘ljallangan ilg‘or texnik vositalar namoyish etiladi. Shuningdek, IT-startaplar, yoshlar uchun profilaktika loyihalari va mahalliy tajribalar taqdim etiladi.

Dasturdan yoshlar sammiti ham o‘rin olgan bo‘lib, unda “call for action” taqdimotlari, panel muhokamalar, AI Hackathon g‘oliblari chiqishlari hamda “Biz giyohvandlikka qarshimiz” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.

Forum yakunida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinishi rejalashtirilgan. Ushbu hujjat narkotik tahdidlarga qarshi kurashda yagona yondashuvlarni shakllantirish va xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Samarqand forumi O‘zbekistonning global xavfsizlik masalalarida faol va tashabbuskor davlat sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab borayotganini yana bir bor namoyon etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41913 | Инструменты