Huawei 1
“2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi

Ta’kidlanganidek, kelgusi yilga mo‘ljallangan Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasining ko‘rib chiqilishi o‘tgan yillardagiga nisbatan farq qildi. Prezidentimizning Oliy Majlis palatalaridagi ma’ruzalarida strategik yo‘nalishlar, aniq vazifalar belgilab berilgani budjet loyihasi muhokamalarini mazmunli o‘tkazishga, ko‘tarilgan masalalarning mohiyatiga chuqurroq kirishga imkon yaratdi.

Qo‘mitalar tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishlar, siyosiy partiyalarning fraksiyalaridagi muhokamalarda deputatlar tomonidan 100 dan ortiq savollar, 10 dan ortiq konseptual ahamiyatga ega taklif va tavsiyalar berilgani buning dalilidir.

Majlisda Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining daromadlari va xarajatlari, mahalliy budjetlar va Davlat maqsadli jamg‘armalariga oid loyihada ko‘zda tutilgan tadbirlar, ularni moliyalashtirish manbalariga oid ma’lumotlar chuqur tahlil qilinganligiga alohida e’tibor qaratildi.

Mas’ul qo‘mita tomonidan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashda loyihaning tegishli moddalarida aks ettirilgan normalar Prezident farmon va qarorlari hamda Hukumat qarorlari bilan uyg‘unligi va asoslantirilganligi o‘rganildi. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda 2025-yilda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish masalalariga aniqlik kiritildi.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida Hisob palatasining bergan xulosalari ham deputatlar e’tiborida bo‘ldi. Xulosa yuzasidan deputatlar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar hisobga olingan holda, asoslantirilgan takliflarni Soliq va Budjet kodekslarida aks ettirish masalasi o‘rganib chiqildi.

Shu bilan birga, qo‘mitalar va siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida qonun loyihasida vazirlik va idoralarga ajratilishi ko‘zda tutilgan budjet mablag‘lari, ulardan foydalanish va natijadorlikni oshirish yuzasidan bildirilgan taklif va tavsiyalar birma-bir ko‘rib chiqildi va muhokama qilindi.

Dastlab kelgusi yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil”  iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan ushbu yo‘nalishlarga sarflanadigan mablag‘larning manzilliliga va natijadorligiga e’tibor qaratildi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat, sport va iqtisodiyot sohalari bo‘yicha muhokamalarda deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarga oydinlik kiritildi. Xususan, ayrim asosli takliflar budjet va soliq tizimlarini takomillashtirish jarayonida inobatga olinadigan bo‘ldi.

Deputatlar bildirgan taklif va tavsiyalarni hisobga olgan holda qonun loyihasiga bir qancha konseptual ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari bildirgan taklifiga muvofiq og‘ir vaziyatga tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash va yordam ko‘rsatish uchun Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga qo‘shimcha 35,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi belgilanmoqda.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari tomonidan berilgan takliflarni inobatga olgan holda kinematografiya sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini aks ettiruvchi “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish hamda badiiy havaskorlik jamoalarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan madaniy dasturlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun qo‘shimcha 40 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

“Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutining mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olish kabi muhim vazifalarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirishi uchun moddiy-texnika bazasini yaxshilash bo‘yicha bergan takliflari asosli deb topilib, qo‘shimcha 3,1 mlrd.so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

O‘zXDP fraksiyasi tomonidan bildirilgan taklifga muvofiq respublikada milliy malaka tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va ta’limning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash, malakaga bo‘lgan talablarni huquqiy va institutsional jihatdan tartibga solish maqsadida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini tashkil etish xarajatlari uchun qo‘shimcha 10,6 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Ekologik partiyasi fraksiyasi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilash, transchegaraviy garmsel shamollari va chang-qum bo‘ronlarining atrof-muhitga zararli ta’sirlarining oldini olish bo‘yicha bildirgan taklifi qanoatlantirilib, ushbu loyiha uchun qo‘shimcha 100 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilmoqda.

Bundan tashqari, fraksiya a’zolarining taklifiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rmonchilik sohasi ilmiy-tajriba stansiyasini tashqil etish xarajatlar uchun qo‘shimcha 9,5 mlrd.so‘m mablag‘lar ajratiladigan bo‘ldi.

Muhokamalarga boy bo‘lgan majlisda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarga Hukumat tomonidan tuzilgan ishchi guruh hamda tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari tomonidan oydinlik kiritildi.

Shuningdek, majlisda deputatlar subsidiyalar va uning natijadorligi, budjet ochiqligini ta’minlash, budjet mablag‘lari ustidan moliyaviy nazorat tizimlarini takomillashtirish hamda tibbiy sug‘urtani joriy qilish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar bildirishdi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida budjet taqchilligi cheklangan miqdorining oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirishda qonun talablariga qat’iy rioya qilish, davlat tashqi qarzining va davlatning shartli majburiyatlari bo‘yicha loyihada belgilangan chegaradan oshib ketmaslik bo‘yicha hukumatning o‘z zimmasiga olayotgan majburiyatlari deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120500 | Инструменты