Afg‘oniston Jamoat ishlari vazirligi «Hayraton – Mozori Sharif» temiryo‘l liniyasini ishlatish va saqlash bo‘yicha O‘zbekistonning «Sogdiana Trans» kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomani ikki yilga uzaytirdi. Bu haqda Pajhwok xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ shuʼba korxonasi bo‘lgan «Sogdiana Trans» 2025 va 2026 yillar davomida temiryo‘l tarmog‘i holatini nazorat qiladi.
Shuningdek, «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi Afg‘oniston bilan Hayraton uchastkasida taʼmirlash ishlarini uzaytirish bo‘yicha ham shartnoma imzolagan.
Bundan tashqari, tomonlar Markaziy Osiyo mamlakatlarini Pokiston dengiz portlari bilan bog‘lashi kerak bo‘lgan Transafg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasini muhokama qildi. Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, jumladan, tegishli tadbirlarni moliyalashtirishni o‘z zimmasiga olgan.
«Hayraton – Mozori Sharif» temir yo‘lining umumiy uzunligi 75 kilometrni tashkil qiladi. U 2010 yilda o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan qurilgan. Qurilishga Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan 129 million dollar mablag‘ sarflangan. Mazkur liniya O‘zbekistonda qo‘llaniladigan texnik standartlar va talablarga muvofiq signalizatsiya, telekommunikatsiya va elektr taʼminoti qurilmalari bilan jihozlangan.
Bu liniya Afg‘oniston shimoliy viloyatlarining eng rivojlangan va aholi zich joylashgan hududlarida temiryo‘l transportini tashkil etish imkonini beradi, shuningdek, Afg‘oniston va mintaqaning boshqa davlatlari o‘rtasidagi transport xarajatlarini kamaytiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42522 | Инструменты