Huawei 1
“Andijon turmasi” shahar chekkasiga ko‘chiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda. 

Yig‘ilishda qurilish va infratuzilma masalalari muhokama qilinar ekan, Xonobod-Andijon magistral suv quvurining 1-tarmog‘idan suv oqimi kamligi sababli 6 ta tumandagi 510 ming aholiga suv yetkazib berishda muammolar borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, ushbu quvurning 2-tarmog‘ini qurish zarurligi ta’kidlandi va mutasaddilarga tegishli ishlarni tezroq boshlash topshirildi. Andijon suv ta’minoti korxonasi hududida 18 megavattli quyosh panellari va 98 ta energiya tejamkor nasoslar o‘rnatiladi.

"Xonobod" chegara o‘tkazish punkti tiklangani hisobiga, "Bishkek – Dushanbe – Termiz" xalqaro yo‘lidagi transport oqimi 2-3 karra ko‘paydi. Lekin Xonoboddan o‘tuvchi Qoradaryo ustidagi 150 metrli ko‘prik nosozligi uchun mashinalar uning bir qismidan harakatlanmoqda, tirbandliklar hosil bo‘layapti.

Mutasaddilarga bir oyda ushbu ko‘prikni rekonstruksiya qilish dasturini tasdiqlash va 25 milliard so‘m ajratish topshirildi. Mazkur ko‘prik kelgusi yilda to‘liq ishga tushishi shartligi qayd etildi.

Yangi Andijon massivini Andijon shahri va boshqa hududlar bilan bog‘lash uchun 56 kilometrlik halqa yo‘li qurish zarurligi qayd etildi. Bu yil ushbu yo‘lning 5 kilometrini bitkazish hisobiga Andijon shahriga kelish ancha qisqaradi. Bu yo‘lda 200 ta savdo va servis obyekti barpo etilib, 1 ming nafar aholi ishli bo‘ladi.

Andijon shahrini viloyatning 8 ta hududi bilan bog‘lovchi jamoat transporti mavjud emasligi oqibatida kuniga 80 ming aholi viloyat markaziga 20 mingga yaqin yengil transportda kelishga majbur.

Tig‘iz paytda Andijon shahridagi tirbandlik 7-8 ballga chiqib ketmoqda. Vaholanki, 1 ta kichik avtobus kuniga kamida 400 nafar aholiga xizmat ko‘rsatib, 25 ta yengil mashinani o‘rnini bosadi.

Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan uchrashib, yangi marshrutlar va viloyat sharoitiga mos avtobus rusumlarini aniqlab, taklif berish topshirildi.

Davlatimiz rahbari Andijon shahri bo‘yicha muhim bir tashabbusni aytdi. Shahar markazida "Andijon turmasi" nomi bilan tanilgan 3-son tergov hibsxonasi joylashgan. Kundan-kunga shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilib turgan vaqtda 100-yil oldin qurilgan bunday "sovuq" binoning markazda bo‘lishi noto‘g‘ri ekani qayd etildi.

Shu bois bu obyekt shahar chekkasiga ko‘chirilishi, o‘rnida zamonaviy ko‘ngilochar savdo va servis markazi barpo etilishi belgilandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60704 | Инструменты