Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-dekabr kuni avtomobil yoʻllari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Oxirgi uch yilda sohada bajarilgan ishlar, moliyalashtirish hajmi va amaliy natijalar haqida maʼlumot berildi.
Ushbu davr mobaynida avtoyoʻl sohasiga qariyb 40 trillion soʻm ajratilib, 63 ming kilometr yoʻlda qurilish va taʼmirlash ishlari bajarildi. Sohaga xorijdan jalb qilinayotgan mablagʻlar 3 barobar oshib, 2025-yilda 1,2 milliard dollarga yetdi. Yoʻl qurilishida namunaviy andozalardan voz kechilib, har bir hududning geologik va ekologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda loyihalashtirish amaliyoti joriy etildi. Zamonaviy turdagi qoplamalar ishlab chiqilib, yoʻllarning xizmat muddati 1,5 barobarga oshirildi.
Taqdimotda sohada mavjud muammolarni hal etish yuzasidan taklif va rejalar taqdim qilindi. Avvalo, mavjud umumiy foydalanishdagi va ichki yoʻllar hamda koʻpriklarni taʼmirlash, yangilarini barpo etishda ilgʻor tajriba va jahonda oʻzini oqlagan texnologiyalardan foydalanish sustligi koʻrsatib oʻtildi.
Kelgusi yillarda 21 ming kilometr yoʻllarni qurish va taʼmirlash, 14 ming kilometr tuproq yoʻllarni shagʻallashtirish hamda 325 ta koʻprikni taʼmirlash rejalashtirilgan. Bunda xorijiy ekspertlar va texnologiyalarni keng jalb qilish, ilgʻor standartlarni joriy qilgan holda ishni tashkil etish topshirildi.
Ogʻirligi meʼyordan ortiq yuk avtomashinalarining harakatlangani oqibatida 1800 kilometr yoʻl taʼmirtalab holga kelib qolgani koʻrsatib oʻtildi.
Shu munosabat bilan yuk transporti vaznini nazorat qilish uchun oʻlchov tarozilari tarmogʻini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Hozirda 9 ta shunday tarozi oʻrnatilgan, 8 tasini oʻrnatish ishlari davom etmoqda. Kelgusida yana 35 ta koʻchma va statsionar nazorat-oʻlchov maskanini barpo etishga topshiriq berildi.
Mutasaddilarga ogʻirlik va gabarit nazorati bilan bogʻliq barcha jarayonlarni qamrab olgan idoralararo elektron axborot tizimini ishga tushirish topshirildi. Shuningdek, ob-havo sharoitlaridan kelib chiqib, ogʻir vaznli transport vositalari harakatlanishini mavsumiy cheklash tartibini ishlab chiqish taklif etildi.
Bugungi kunda yangi yoʻllarning 61 foizini, “Tashabbusli budjet” doirasida esa ichki yoʻllarning 92 foizini xususiy sektor qurmoqda. Uzoq yillar davlat monopoliyasida boʻlgan yoʻllarni saqlash ishlari ham bosqichma-bosqich xususiy sheriklikka berilmoqda.
Bu ishlarni kengaytirib, kelgusi yilda 3 ming kilometr, 2030-yilga borib esa 6,3 ming kilometr yoʻllarni saqlashga tadbirkorlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 86 ta tumanda quriladigan yoʻllarni toʻliq mahalliy pudratchilarga berish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Sohada raqamlashtirish darajasi past ekani, mavjud 59 ta xizmatning faqat 20 tasi raqamlashgani qayd etildi. Kelgusi yilda 28 ta xizmatni elektron shaklga oʻtkazish, intellektual transport tizimini joriy etish va 7 ta yangi elektron platformani ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.
Taqdimot yakunida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston avtomobil yoʻllarini 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120922 | Инструменты