Limon koʻchatlari orasiga kartoshka, brokkoli va koʻkatlar ekilishi hisobiga daraxtlar hosilga kirguniga qadar har bir issiqxonadan qoʻshimcha 14-16 million soʻm daromad olinmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qamashi tumanidagi Chim mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va aholi bandligini taʼminlash choralari bilan tanishdi.
“Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” sifatida rivojlantirilayotgan Chimda 5,5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, ularning qariyb yarmini yoshlar tashkil etadi.
Infratuzilmani yangilashga 55 milliard soʻm yoʻnaltirilib, 240 oʻrinli bolalar bogʻchasi, 640 oʻrinli maktab, mahalla va yoshlar markazlari, istirohat bogʻi barpo etilgan. Shuningdek, 4,5 kilometr yoʻl qurilib, elektr taʼminoti va sugʻorish tarmoqlari yangilangan.
Davlat rahbari mahalla markazidagi oʻyingohda bolalar va ularning onalari bilan suhbatlashdi.
Muloqotda Prezident Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va Halima Xudoyberdiyeva ijodini esladi. Tilga, milliy adabiyotga va ajdodlarimiz merosiga eʼtibor ortib borayotganini qayd etdi.
– Bugun tilimizga, millatimizga va oʻzligimizga boʻlgan ehtirom tobora yuksalmoqda. Odamlar yana kitob oʻqishga intilyapti. Ota-bobolarimizdan qolgan maʼnaviy merosni qayta tiklayapmiz. Qamashining Chim mahallasida ham shunday maʼnaviy muhit, shunday sharoitlar yaratilmoqda, – dedi davlat rahbari.
Prezident oliy taʼlim imkoniyatlari kengaygani, bilimli va Vatanini sevadigan kadrlarni tayyorlash mamlakat kelajagi uchun zarurligini taʼkidladi.
– Ilgari 100 nafar yoshdan atigi 9 nafari oliy taʼlimda oʻqigan boʻlsa, bugun 45 nafari oʻqiyapti. Oliygohlarni tashkil etish, professor-oʻqituvchilarga sharoit yaratish katta mehnat talab qiladi. Lekin Oʻzbekistonning kelajagi uchun milliy gʻururi bor, Vatanni sevadigan kadrlar kerak. Men sizlarga ishonaman. Jonajon Vatanimiz, Qashqadaryo vohasining kelajagi sizlarning qoʻlingizda, – dedi mamlakat yetakchisi.
Chimda xotin-qizlar mehnat qilayotgan gilamchilik va kashtachilik korxonasiga 3,5 milliard soʻm sarmoya kiritilgan. Banklar koʻmagida 20 ga yaqin xonadonda umumiy maydoni 36 sotix boʻlgan issiqxonalar tashkil etilgan, mahsulotlarni saqlash uchun 200 tonnalik muzlatkich qurilgan. Natijada 80 dan ortiq ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlangan.
Shuningdek, kooperatsiya asosida limonchilik rivojlantirilmoqda. Aholiga koʻchat, oʻgʻit va agrotexnik xizmatlar yetkazib beriladi, yetishtirilgan hosil kafolatlangan narxda sotib olinadi. Limon koʻchatlari orasiga kartoshka, brokkoli va koʻkatlar ekilishi hisobiga daraxtlar hosilga kirguniga qadar har bir issiqxonadan qoʻshimcha 14-16 million soʻm daromad olinmoqda.
Mahallada 70 ta tadbirkor faoliyatini kengaytirgan, yana 20 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilgan. Avtomagistral boʻyidagi xizmat koʻrsatish obyektlari soni 31 tadan 137 taga yetib, 200 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilgan. Chim va unga qoʻshni mahallalardagi 1,2 mingta xonadon kooperatsiya asosida farmatsevtika va kosmetika sanoatida qoʻllaniladigan gulxayri oʻsimligini yetishtirmoqda.
Tashrif yakunida Prezident mahalla faollari va nuroniylar bilan suhbatlashdi. Ular mahalladagi oʻzgarishlar haqida oʻz fikrlarini bildirib, yurt farovonligi va yoshlar kelajagi uchun duo qilishdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102122 | Инструменты