Huawei 1
Devid Kemeron O‘zbekistondagi islohotlarni yuqori baholadi

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron boshchiligidagi delegatsiya tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Taniqli siyosatchi 23-aprel kuni dastlab O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi.

O‘zaro muloqot davomida mintaqaviy xavfsizlik, taʼlim, iqlim o‘zgarishi, ikki tomonlama savdo hamda biznes aloqalarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Suhbatdan so‘ng Devid Kemeron ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi.

Janob vazir, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya iqtisodiy hamkorligi salohiyatni qanday baholaysiz, mavjud aloqalarni rivojlantirish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

– Biz birgalikda oldinga qarab dadil qadam tashlayapmiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasida kichik biznes va investitsiyani yana-da rivojlantiryapmiz. Yashil texnologiya bo‘yicha hamkorlikning yangi bosqichini boshladik.

Yana bir gap, Buyuk Britaniya qishloq xo‘jaligi sohasida mavsumiy ishchilar uchun maxsus sxema bor. Ushbu dasturda o‘zbekistonliklar ham muntazam ishtirok etyapti.

Shuningdek, O‘zbekistonda Britaniyaning 10 dan ortiq universiteti faoliyat yuritmoqda. Hamkasbim bilan qanday qilib yana-da ko‘proq natijaga erishish mumkinligi xususida gaplashdik.

Ish o‘rni, savdo-sotiq, biznes va yashil texnologiyani har ikki mamlakatda kengaytirish umumiy manfaatimizga mos keladi, deb o‘ylayman.

Yevropa davlatlari munosabati nuqtai nazaridan, qolaversa, Birlashgan Qirollik rasmiy vakili sifatida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarishlarga qanday qaraysiz?

– Bilasizmi, mamlakatingizda amalga oshirilayotgan islohotlarni diqqat bilan kuzatib boramiz va mamnuniyat bilan olqishlaymiz. Bu yuksak natijalar O‘zbekiston uchun rivojlanish tendensiyasini belgilab beradi.

Safar davomida taʼlim sohasidagi hamkorlik ko‘lamini yana-da kengaytirish, biznes va savdo aloqalarini kuchaytirish kabi ko‘plab masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

Bugungi globallashuv zamonida Markaziy Osiyo mintaqasi Buyuk Britaniya uchun qay darajada jozibador, deyish mumkin?

– Markaziy Osiyo – dunyoning muhim mintaqalaridan biri. Hududda juda kuchli qo‘shnilar bor va ular bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘z navbatida, biz ham sizlar bilan taʼlim, iqlim o‘zgarishi, biznes yoki savdo sherikligi rivojlanishini istaymiz.

Muammo nimada? Muammo butun dunyoda bir xil: qanday qilib yangi ish o‘rinlari yaratish, yuksak marralarga erishish va eng muhimi fuqarolarimiz farovonligini taʼminlash mumkin?

Ana shu masalalarni birgalikda hal etishimiz lozim. O‘ylaymanki, davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabat yana-da ravnaq topadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga