Futbol: O‘zbekistonda U-20 Jahon chempionatini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuziladi

2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish hamda Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi va Osiyo futbol konfederatsiyasining nufuzli yirik musobaqalarini o‘tkazish maqsadida qaror qilaman:

I. Ustuvor yo‘nalishlar

1. 2027-yilda futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatini (keyingi o‘rinlarda – Jahon chempionati) tashkil etish va o‘tkazishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

(a) Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori darajada o‘tkazish;

(b) Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (keyingi o‘rinlarda – FIFA) talablariga muvofiq zarur bo‘lgan infratuzilmani yaratish;

(v) Jahon chempionati ishtirokchilari va muxlislariga yuqori darajadagi xizmatlarni ko‘rsatish uchun qulay sharoitlar yaratish;

(g) Jahon chempionatini o‘tkazish orqali mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.

II. Jahon chempionatini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar

2. Quyidagilar:

(a) 2025-yil 2-oktabr kuni FIFA Kengashi tomonidan futbol bo‘yicha Jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin;

(b) 2027-yilgi futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

(v) 2027-yilgi futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qo‘mitaga (A.Aripov) quyidagi vazifalar yuklatilsin:

(a) Jahon chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha mas’ul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

(b) FIFA talablariga muvofiq Jahon chempionati o‘tkaziladigan obyektlarning infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlanishini ta’minlash;

(v) Jahon chempionati ishtirokchilarining O‘zbekistonga kelib-ketishi, ularga viza rasmiylashtirilishi, transport, tibbiy xizmat ko‘rsatish va volontyorlik masalalarini muvofiqlashtirish;

(g) Jahon chempionati bo‘lib o‘tadigan hududlarni uzluksiz va muqobil elektr energiyasi bilan ta’minlash, obodonlashtirish ishlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

(d) Jahon chempionati bo‘lib o‘tadigan hududlarda futbol stadionlari, mashg‘ulot maydonlari va mehmonxonalarni tayyor holatga keltirish.

4. Belgilansinki, Tashkiliy qo‘mitaga ushbu qarorning 3-bandida nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish bilan bog‘liq tezkor qarorlarni qabul qilish vakolati beriladi.

III. Moliyaviy resurslar

5. 2027-yilgi futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionati doirasida amalga oshiriladigan xarajatlar va ularni moliyalashtirish manbalari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Sport vazirligi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining talabnomalariga asosan Transport vazirligi:

(a)  Jahon chempionatida akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslar hamda o‘yin kunlari chiptalari mavjud bo‘lgan shaxslarning jamoat transporti vositalarida borib kelishi uchun Toshkent – Yangi Toshkent – Toshkent yo‘nalishida alohida avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘ysin;

(b) Jahon chempionatida akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslar hamda o‘yin kunlari chiptalari mavjud bo‘lgan shaxslar uchun jamoat transporti vositalaridan (avtobus, metro) bepul foydalanish imkoniyatlarini yaratish choralarini ko‘rsin.

IV. Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish

7. FIFA va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining Toshkent shahrida FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini (keyingi o‘rinlarda – mintaqaviy ofis) ochish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

8. Belgilansinki:

(a) mintaqaviy ofisni tashkil etish va saqlash xarajatlari birinchi navbatda FIFA tomonidan ajratiladigan mablag‘lar, yetmagan qismi esa O‘zbekiston futbolni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, biroq umumiy xarajatlarning 50 foizidan oshmagan miqdorda qoplanadi;

(b) mintaqaviy ofis Toshkent shahri Islom Karimov ko‘chasi 98a-uy manzilida joylashgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining binosida beg‘araz asosda joylashtiriladi;

(v) mintaqaviy ofis binosini ta’mirlash, zarur mebel, jihoz, texnika va transport vositalari bilan ta’minlash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-noyabrdagi PQ–355-son qaroriga muvofiq Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi. Bunda minimal saqlash talablari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan belgilanadi.

V. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

9. Jahon chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida:

(a) O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Yangi Toshkent shahri hududida barpo etilayotgan “Yangi Toshkent markaziy futbol o‘yingohi” FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasining nufuzli musobaqalar o‘tkazish bo‘yicha talablariga moslashtirilishini nazorat qilsin;

(b) O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Sport vazirligi bilan birgalikda:

(i)  Jahon chempionatining rasmiy futbol to‘pini, logotipini, ramzini (maskot) ommaga tanishtirish marosimlari hamda boshqa rasmiy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish choralarini ko‘rsin;

(ii) Jahon chempionati bosh sovrini — Jahon kubogini ommaga tanishtirish uchun respublika bo‘ylab marshrutini ishlab chiqsin va uning amalga oshirilishini tashkil etsin;

(v) Energetika vazirligi Jahon chempionati obyektlari va Xalqaro translyatsiya markazini FIFA talablari bo‘yicha uzluksiz va muqobil elektr energiyasi bilan ta’minlasin;

(g)  O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2026-yil 1-yanvarga qadar FIFA talabi asosida Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha mahalliy ishchi guruh (Local Organization Committee) tashkil etsin.

10. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi:

(a) FIFA tomonidan belgilangan talablarga muvofiq Jahon chempionati uchrashuvlarini efirga uzatish huquqi uchun litsenziya olish choralarini ko‘rsin;

(b) Jahon chempionatini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritish bo‘yicha mediarejani ishlab chiqsin;

(v) mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar e’lon qilinishi, brifinglar, tematik teleko‘rsatuvlar tayyorlanishini tashkil etsin.

11. Sport vazirligi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

(a) uch oy muddatda mazkur qarorga 3-ilovaga muvofiq xarajatlarni moliyalashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;

(b) 2026-yil 1-mayga qadar Vazirlar Mahkamasining FIFA bilan erishilgan kelishuvdan kelib chiqib, Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada o‘tkazish doirasida FIFAga, uning a’zolari va hamkorlariga, tashkil etilayotgan mahalliy ishchi guruhga, tadbirkorlik subyektlari va muxlislarga taqdim etilayotgan qulaylik va imtiyozlarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Hukumatga kiritsin.

12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori darajada tashkil etish va o‘tkazish uchun talab etiladigan mablag‘lar 2026–2027-yillarda Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlasin.

13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sport vaziri A.I. Ikramov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi B.N. Kurbanov hamda Toshkent shahar hokimi Sh.B. Umurzakov belgilansin.

14. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121519 | Инструменты