O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi hukumatlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘rtasida ikkita loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Hujjatlarga Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va GIZning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yoaxim Frits Samarqandda bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvda imzo chekdi.
Birinchi kelishuv 2024-yilning fevralidan 2025-yilning iyunigacha amalga oshiriladigan “Iqlimni muhofaza qilish strategiyalari boʻyicha siyosiy muloqot va bilimlarni boshqarish” (DIAPOL-CE) loyihasini amalga oshirishga bagʻishlangan.
Ma’lumot uchun, loyiha hamkor mamlakatlarni iqlimga mos, barqaror va ekologik toza iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha uzoq muddatli senariy va strategiyalarni ishlab chiqishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Oʻzbekistonda loyiha iqlim oʻzgarishining qoʻriqlanadigan hududlar va botqoqliklarga ehtimoliy salbiy taʼsirini oʻrganish uchun Sudochye koʻllari tizimidagi iqlim xavfi tahlilini qoʻllab-quvvatlaydi.
DIAPOL-CE loyihasini amalga oshirish doirasida quyidagi tadbirlar ko'zda tutilgan:
- suvli-botqoq yerlarni saqlash va barqaror boshqarish bo‘yicha milliy strategiyani ishlab chiqish;
- mahalliy, milliy va xalqaro tashrif buyuruvchilarni jalb qilish uchun ekoturizmni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish;
- suvli-botqoqli yerlar uchun iqlim xavfi bilan bog'liq holda
Sudochye ko'llari tizimining imkoniyatlarini oshirish.
Ikkinchi kelishuv Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi sohasida transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan “Yashil Markaziy Osiyo II bosqich” loyihasi doirasidagi hamkorlikni nazarda tutadi.
Loyihaning asosiy maqsadi loyihaning birinchi bosqichida ishlab chiqilgan va mintaqaning barcha davlatlari tomonidan kelishilgan Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga moslashish va yumshatish boʻyicha Mintaqaviy dasturni amalga oshirishdan iborat.
Ushbu loyiha doirasida 2028-yilgacha atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlarini qisqartirish va iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha harakatlar rejasini yangilash boʻyicha dialog uchrashuvlari, ekspert koʻmagi tashkil etiladi, shuningdek, qo'shma Markaziy Osiyo siyosiy deklaratsiyasi, iqlim o'zgarishiga duchor bo'lgan hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining zaifligini baholash metodologiyasi va gender nuqtai nazaridan iqlim o'zgarishiga moslashish bo'yicha o'quv moduli kabi hujjatlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122121 | Инструменты