O'zbekiston elchisi Akmal Qo'chqorov Turkmanistonning Lebap viloyati hokimi Shohrat Amangeldiyev bilan muzokaralar o'tkazdi.
Uchrashuv chog'ida O'zbekiston va Turkmanistonning chegaraoldi hududlari – Buxoro va Lebap viloyatlari o'rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, o'zaro savdo hajmlarini oshirish, shuningdek, har ikki mamlakat uchun manfaatli yo'nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Ikkinchi O'zbekiston-Turkmaniston hududlararo forumini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
2022-yil 13-iyulda Buxoro shahrida o'tkazilgan Ikkinchi O'zbekiston-Turkmaniston hududlararo forumi natijalari yuqori baholandi. Qayd etilganidek, ushbu tadbir yakunlari bo'yicha ikki mamlakat tadbirkorlari o'rtasida umumiy qiymati 450 million dollaridan ortiq savdo va investitsiya shartnomalari imzolandi.
Shuhrat Amangeldiyev joriy yildagi Hududlararo forumni Turkmanobod shahrida o'tkazishga tayyorligini bildirdi. Mazkur tadbirda O'zbekiston va Turkmanistonning barcha viloyatlari vakillarining ishtiroki ko'zda tutilmoqda hamda uning doirasida ikki mamlakatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko'rgazmasi tashkil qilinadi.
Muloqot chog'ida, shuningdek, Buxoro viloyati ishbilarmon doiralari vakillarining Lebap viloyatiga biznes missiyasini tashkil qilish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Buxoro va Lebap viloyatlari o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada faollashtirish maqsadida joriy fevral oyining ikkinchi yarmida Buxoro viloyati ishbilarmon doiralari vakillarining Lebapga ishchi safarini tashkil qilish to'g'risida kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122310 | Инструменты