Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni farmatsevtika va elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarishni yanada qo‘llab-quvvatlash, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Mamlakatda bu ikki tarmoq uchun ham zarur xomashyo, yetarli sharoitlar bor. Xususan, oxirgi olti yilda farmatsevtika sohasida ishlab chiqarish 3 barobar, eksport 6 barobar ko‘paygan. 525 million dollarlik 177 ta loyiha ishga tushib, jami 50 mingta ish o‘rni yaratilgan.
Lekin bu hali mavjud imkoniyat va talab darajasida emas. Masalan, O'zbekistonda yiliga 1,6 milliard dollarlik dori-darmon iste’mol qilinadi. Bunda mahalliy mahsulotlarning ulushi bor-yo‘g‘i 18 foiz, qolgani import hisobidan qoplanayapti.
Shu bois yig‘ilishda mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
"So‘nggi yillarda bu sohaga katta ko‘mak va mablag‘ berildi, farmatsevtika zonalari tashkil etildi. Lekin bundan to‘la foydalanilmayapti. Mahalliylashtirishni kengaytirish, tadbirkorlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning mahsulotlari xaridorgirligini ta’minlash kerak. Buning zamirida qancha ish o‘rni, qancha odamlarning roziligi bor", – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu borada xorij tajribasini o‘rganish, mashhur brendlarni mamlakatga jalb etish muhimligi ta’kidlandi. Jumladan, eng ko‘p iste’mol qilinadigan 50 turdagi dorini O'zbekistonda ishlab chiqarish orqali mahalliylashtirish ulushini 35 foizga yetkazish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Tashkent Pharma Park” klasteri qurilishini jadallashtirish, unga xususiy sherikni jalb etish zarurligi aytildi. Shuningdek, farmatsevtika korxonalariga “GMP” xalqaro standartiga o‘tish va markirovkalash tizimini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashiladi.
Umuman, bu sohada 1,5 milliard dollarlik 173 ta loyiha shakllantirilgan. Ularni moliyalashtirish uchun 600 million dollar yo‘naltiriladi.
Mutasaddilar bularning natijasida 2024-yilda 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi, 160 million dollar eksport ta’minlanishi bo‘yicha axborot berdi.
Yig‘ilishda elektrotexnika sanoatiga doir masalalar ham ko‘rib chiqildi.
So‘nggi olti yilda bu sohada 640 million dollarlik 224 ta loyiha ishga tushirilgan. Bu yil yakunida eksport 1 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, O'zbekistonga yiliga 800 million dollarlik elektrotexnika tovarlari import bo‘lmoqda. Umuman olganda, mintaqada 3 milliard dollarlik bozor bor.
Bunda munosib o‘rin egallash uchun nufuzli brendlar bilan hamkorlik o‘rnatib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi. Kelgusi yilga mo‘ljallangan 2 milliard dollarlik 141 ta loyihada bunga alohida e’tibor qaratiladi.
Joriy yilda 2 gigavatt, 2024-yilda yana 4 gigavatt quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Ularga juda ko‘p kabel, generator, invertor, transformatorlar zarur. Bu mahsulotlarni mahalliylashtirib, xalqaro sifat sertifikatlari olish vazifasi qo‘yildi.
Sohada ilg‘or texnologiya, innovatsiya va xalqaro standartlarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million dollar yo‘naltirilishi belgilandi.
Mutasaddilar kelgusi yilda ishlab chiqarishni 20 foizga oshirish, misni qayta ishlash hajmini 140 ming tonnaga olib chiqish rejalarini bayon etdi. Shuningdek, eksportni 1,5 milliard dollarga, 2025-yilda 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi.
Yig‘ilishda ushbu tarmoqlardagi muammo va vazifalar yuzasidan viloyat hokimlari va tadbirkorlarning takliflari eshitildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122310 | Инструменты