Kimlar Senat a'zosi bo'lishi mumkin?
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (yuqori palatasi) hududiy vakillik palatasidir. Senat a'zolari (senatorlar) Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo'shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo'li bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi.
Senatning o'n olti nafar a'zosi fan, san'at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo'lgan hamda alohida xizmat ko'rsatgan eng obro'li fuqarolar orasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Senat ishi yalpi majlislarga va uning qo'mitalari majlislariga to'planadigan senatorlar faoliyatiga asoslanadi. Senatning vakolat muddati — besh yil. Vakolat muddati tugagach, Senat yangi chaqiriq Senati ish boshlagunga qadar o'z faoliyatini davom ettirib turadi.
Saylov kuni yigirma besh yoshga to'lgan hamda kamida besh yil O'zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarosi Senat a'zosi bo'lishi mumkin. Ayni bir shaxs bir paytning o'zida Senat a'zosi va Qonunchilik palatasi deputati bo'lishi mumkin emas.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80712 | Инструменты