Huawei 1
O‘zbekiston va Turkmaniston tez orada chegaraoldi savdo zonasini ishga tushiradi

O‘zbekiston va Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasini tez orada ishga tushirishga kelishib oldi, deya xabar berdi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

5−6 avgust kunlari Avazada BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida ITSV rahbari Laziz Qudratov Turkmaniston savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Nazar Agaxanov, shuningdek, Turkmaniston sanoat va qurilish ishlab chiqarish vaziri Toyguli Nurov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va transport-logistika hamkorligini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Xususan, chegaraoldi savdo zonasi (Shovot, Xorazm viloyati-Toshovuz, Toshovuz viloyati) faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnoma imzolash va uni tez orada ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tomonlar o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash masalasini kelishib oldilar.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YUNIDO) bilan o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shma hamkorlik dasturini tasdiqlash, unga sanoat, infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, xalqaro ekspertizalarni jalb qilgan holda inson kapitalini rivojlantirish sohasidagi tashabbuslarni kiritishga kelishib oldi.

BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi (SPEKA) doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, “yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, logistika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 80714 | Инструменты