Ma’lum bo‘lishicha, Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni mintaqaga safari davomida Samarqand va Toshkentda uchrashuvlar o‘tkazadi, 30 may kuni Ostonada davlat rahbarlari bilan birga yig‘inda ishtirok etadi.
Mazkur tashabbus Italiyaning Markaziy Osiyo bilan muloqotni mustahkamlashga alohida intilishi sifatida baholanmoqda. Zero, keyingi payt bu davlat mintaqamiz bilan munosabatni chuqurlashtirishga jiddiy e’tibor qaratmoqda.
O‘zbekiston ham Italiya bilan siyosiy-iqtisodiy aloqaga ijobiy qaraydi: 2023 yil Prezident Shavkat Mirziyovning ushbu mamlakatga safari davomida siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarni qamrab olgan 11 muhim hujjat imzolangan, “Strategik sheriklik” deklaratsiyasi qabul qilingan. Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyo – Italiya sammiti mintaqadagi barcha davlatlar uchun YeI bilan sheriklikni mustahkamlashda navbatdagi muhim bosqich bo‘lishi kutilyapti.
Italiyaning Markaziy Osiyodagi umumiy manfaatlari
Italiya Markaziy Osiyo mintaqasidagi sheriklar bilan munosabatni yaxshilash orqali YeI doirasidagi mavqeini mustahkamlash, o‘zining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasini umumiy strategiyasi bilan uyg‘unlashtirish niyatida. Italiya va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari “1+5” shaklidagi muloqoti ilk bor 2019 yil dekabr oyida Rimda tashkil etilgan. Umuman, Rimning mintaqadagi faolligi YeI uchun ham ahamiyatli.
Italiya qit’aning energetika ta’minoti manbalarini diversifikatsiya qilish maqsadida import bo‘yicha yangi sheriklar izlayapti. Bu strategik hamkorlik mamlakat uchun iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, shu bilan birga mintaqada barqarorlikni ta’minlash uchun muhim.
Qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiya
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida Italiya tajribasi va texnologiyasini faol jalb etishga intilmoqda. Masalan, Italiyaning suvni tejash texnologiyasi bilan tanilgan “Iritec” kompaniyasi bilan sheriklik ilg‘or mexanizatsiya va irrigatsiya tizimini joriy qilish, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish samaradorligini oshirish imkonini beradi. Qolaversa, suvdan oqilona foydalanishga erishiladi.
Italiyaning agrotexnologiya sohasidagi ilg‘or dasturlari ham qabul qilinmoqda. 2023 yil iyunda Rimda o‘tkazilgan O‘zbekiston – Italiya biznes forumida “Cermac” konsorsiumi va o‘zbek kompaniyalari o‘rtasida qishloq xo‘jaligini qayta ishlash sohasida texnika va texnologiya transferi bo‘yicha memorandum imzolandi. “Cermac” mas’ullari ta’kidlashicha, respublikamiz meva-sabzavot eksportini jadal rivojlantirmoqda. Italiya kompaniyalari esa o‘z tajribasini urug‘lik qadalgandan to terimgacha, to‘liq ishlab chiqarish zanjirida yuqori darajadagi texnologiya yechimlarini joriy etishga harakat qilmoqda.
O‘zaro hamkorlikda, ilmiy izlanish asosida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hududida 40.1 million yevrolik loyiha ilgari surildi. Tez fursatda 400 gektar yerda za’faron plantatsiyasi barpo etilib, mahsulot yetishtirilishi va eksport qilinishi yo‘lga qo‘yildi. 2024 yil za’faron gulini qayta ishlash zavodi ishga tushirildi va ayni payt 20 dan ko‘p turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda.
Bugungi kunda bu mahsulotlar Italiya, Avstriya, Niderlandiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Italiya bilan birga nafaqat za’faron, balki meva yetishtirish, bog‘dorchilikni rivojlantirish va mahsulotni ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha turli loyihalar yo‘lga qo‘yilgan. Eng asosiysi, hamkorlik jarayoni tobora kengaymoqda.
Sug‘urta va moliyaviy mexanizm ko‘magida qishloq xo‘jaligi barqarorligi oshirilmoqda. Joriy yil may oyida bo‘lib o‘tgan muzokarada Italiya tizimi misolida yurtimizda agrosektorga moslashtirilgan sug‘urta tashkil etish, sun’iy intellektdan foydalangan holda xavfni aniqlash va mutaxassislar tayyorlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Bunday choralar qishloq xo‘jaligi xavfini kamaytirish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Energetika sohasidagi hamkorlik
Italiya bilan hamkorlikning energetika sohasidagi muhim yo‘nalishi – tabiiy gaz tarmog‘ini modernizatsiya qilish va qayta tiklanuvchi quvvatni rivojlantirishdan iborat. Italiyalik “Pietro Fiorentini” va “Terranova” kabi kompaniyalar mamlakatimizda gaz ta’minoti tarmog‘ini raqamlashtirish loyihasida qatnashmoqda.
Shu bilan birga O‘zbekiston elektr ta’minotida ham muhim islohotlarni boshlagan. Hukumat 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi manbalardagi elektr energiyasi ulushini ko‘paytirib, qariyb 25 foizgacha oshirishni maqsad qilgan. Bu elektr tarmog‘i modernizatsiyasini talab qiladi. Italiyaning energetika kompaniyalari va mablag‘lari sun’iy – quvvat zaxiralaydigan qurilma va quyosh paneli texnologiyasini joriy etish, shuningdek elektr tarmog‘ini takomillashtirish bo‘yicha xorijiy investitsiya jalb etishda qatnashishi mumkin. Bundan tashqari Italiya Markaziy Osiyoni nafaqat neft, gaz va uran yetkazib berish, balki tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha ham ulkan salohiyatga egaligini e’tirof etmoqda.
Gaz va energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarimiz qo‘llab-quvvatlanishi yashil iqtisodiyot va barqaror rivojlanish strategiyasi bilan uyg‘un. Qishloq xo‘jaligi va sanoatda energiyani tejaydigan texnologiyani keng joriy etish orqali samaradorlikni oshirish bo‘yicha ko‘rsatkichni ikki barobar oshirish, qayta tiklanuvchi manbalardan unumli foydalanish bizning atrof-muhit himoyasi va iqlim bilan bog‘liq maqsadlarimizga ham mos.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik
Bugungi kunda Italiya oliy ta’lim va tibbiyot muassasalari bilan aloqa o‘rnatishga keng jalb etilmoqda. Masalan, 2022 yil o‘tkazilgan uchrashuvda Rim shahridagi A.Jemelli (Agostino Gemelli) universiteti klinikasi Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti bilan birga ilg‘or tibbiyot texnologiyasi, murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish va malaka oshirish dasturlari bo‘yicha hamkorlik yuzasidan muzokara olib borildi. Natijada kardioxirurgiya, nevropatologiya, transplantatsiya kabi yo‘nalishlarda o‘rgatuvchi dasturlarni amalga oshirish va ilmiy-tadqiqot olib borishga kelishildi. Bu Italiyaning yuqori texnologiyali tibbiy tajribasini O‘zbekistonga olib kirishga qaratilgan dadil qadamdir.
Italiya farmatsevtika kompaniyalari ham diyorimizga sarmoya kiritish imkoniyatini o‘rganmoqda. Masalan, “IBSA Group” vakillari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan sheriklikni muhokama qilib, “Menarini”, “Italfarmaco”, “Chiesi” kabi yirik korxonalar bilan aloqa o‘rnatishga kelishdi. Akademik dasturlar doirasida talabalarimizni Italiyada malakasini oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bu mahalliy kadrlar salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Ilg‘or ilmiy texnologiya asosida tizimni zamonaviylashtirish, ishonchli diagnostika va zamonaviy davolash asbob-uskunalarini amaliyotda qo‘llash aholi salomatligini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa
Markaziy Osiyo davlatlari va Italiya ishtirokidagi ilk sammit O‘zbekiston uchun ko‘p qirrali va istiqbolli hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligi, energetika, sog‘liqni saqlash sohalarida Italiyaning ilg‘or tajribasi va texnologiyasini mamlakatimizda qo‘llash barqaror rivojlanish milliy maqsadlari bilan hamohang.
Agrar sohada Italiya tajribasi qo‘llanishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari raqobatbardoshligini ta’minlash barobarida eksport salohiyatini yanada oshiradi, mahsulot yetishtirish jarayonida kam xarajat qilib, yuqori sifat darajasiga erishishga ko‘maklashadi.
Energetikada gaz tarmog‘ini raqamlashtirish va qayta tiklanuvchi manbalarni ishga tushirish loyihalari ekologiyaga salbiy ta’sirni kamaytiradi. Tibbiyot sohasidagi aloqalar aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatini kengaytiradi, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishda yordam beradi.
Xulosa qilib aytganda, Italiya bilan hamkorlik O‘zbekistonning barqaror rivojlanish milliy maqsadlariga erishishga qaratilgan tashabbuslari bilan uyg‘un. Bu esa mamlakat iqtisodiyoti modernizatsiyasi, atrof-muhit muhofazasi va ijtimoiy soha rivojiga sezilarli hissa qo‘shadi.
Ostonada bo‘lib o‘tadigan sammit ham mintaqaviy munosabatlarni yanada mustahkamlab, jumladan O‘zbekiston – Italiya strategik hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60114 | Инструменты