Huawei 1
O‘tkirbek Yusupov 6 marta goldan asradi, buning uchun unga 6 marta minnatdorlik bildiraman - prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabidagi o‘yindan so‘ng futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi a’zolariga qo‘ng‘iroq qilib, ularni tarixiy yutuq – ilk bor jahon chempionatiga chiqqani bilan samimiy tabrikladi.

«Saralash o‘yinlaringiz kuchli raqobat ostida o‘tgani, jamoamizga turli bosimlar bo‘lganiga qaramasdan, zarur ochkolarni jamg‘arib, yuksak marralarni egallashga qodir ekaningizni isbotladingiz.

Barcha murabbiylar va farzandlarimni tabriklayman. 

Ayniqsa bugungi o‘yinda chinakam qahramon O‘tkirbek Yusupov olti marta goldan asradi, buning uchun unga olti marta minnatdorchilik bildiraman», degan prezident.

Shundan so‘ng O‘zbekiston rahbari jamoaning yetakchi futbolchilari, xususan, Otabek Shukurov, Odiljon Hamrobekov, Husniddin Alijonov maydon markazida o‘yinni to‘liq nazorat qilib, raqibga imkon qoldirmagani, Abbosbek Fayzullayevning tezkor harakatlari raqiblarni sarosimaga solib qo‘ygani, Eldor Shomurodov va Jaloliddin Masharipov futbolchilarni o‘z ortidan ergashtirganini e’tirof etgan.

Shundan keyin prezident O‘zbekiston milliy jamoasining barcha a’zolari «O‘zbekiston iftixori» unvoni bilan mukofotlanishini ma’lum qildi.

«Timur Tahirovich [Kapadze] men sizga ham alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Timur, men farmonga qo‘l qo‘yaman. O‘zingiz bosh butun jamoaga „O‘zbekiston iftixori“ unvoni beraman», — dedi u telefon suhbatida.

Prezident futbolchilar bilan suhbatlashib ularni ham tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi va yana bir bor darvozabon haqida iliq fikrlar bildirdi.

«O‘tkirbek [Yusupov], men seni qahramon deb bilaman. O‘zim hali seni ko‘rib quchoqlab, rahmat deyman», — dedi prezident.

O‘zbekiston milliy jamoasi 5 iyun kuni Jahon chempionati saralashi 9-turida BAA bilan 0:0 hisobida durang o‘ynab, mundial yo‘llanmasiga ega chiqdi. Bu O‘zbekiston tarixidagi ilk jahon chempionati bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60720 | Инструменты