Huawei 1
O‘zbekiston mintaqaviy elektrotexnika xabiga aylantiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi. 

Prezidentimiz maishiy texnika ishlab chiqarish asosan ichki bozor hisobidan rivojlanib kelayotganini qayd etdi.

O‘tgan yili ishlab chiqarilgan maishiy texnikaning 70 foizi ichki bozorda sotilgan.

Tashqi bozorlarda tarif va notarif to‘siqlar ko‘pligi bor gap, lekin eksport bozorlarida yirik uzelli yig‘ish asosida ishlab chiqarish qilib, ularga butlovchi qism va yarim tayyor mahsulotni ortiqcha yig‘imlarsiz yetkazib berish mumkin.

Endilikda qo‘shni bozorlarga texnologiya, malakali mutaxassis va butlovchi qismlar yetkazib, O‘zbekistonni mintaqaviy elektrotexnika xabiga aylantirish kerakligi taʼkidlandi.

Mutasaddilarga qo‘shni bozorlarda milliy brendlarimiz ostida kamida 15 tadan yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Yig‘ilishda tarmoq rahbarlari va hokimlarga yirik korxonalar bilan cheklanmasdan, sohadagi barcha tadbirkor bilan ishlashni o‘rganishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois “O‘zeltexsanoat” uyushmasining faoliyatini tubdan o‘zgartirish lozimligi taʼkidlandi.

Xususan, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan tovarlarni aniqlash, ular bo‘yicha loyiha qilib, tadbirkorlarga berish; sohadagi standartlarni xalqaro talablarga moslab, tadbirkorlarga joriy qilish va sertifikat olishda ko‘maklashish uyushmaning asosiy vazifalari bo‘lishi zarur.

Shuningdek, injener-texnolog va o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash bo‘yicha oliygoh va texnikumlarga buyurtma berish, ularning dasturlarini birgalikda ishlab chiqish; mahalliy korxonalardagi istiqbolli mutaxassislarni xorijiy ilg‘or kompaniyalarga stajirovkaga jo‘natish uyushma faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘lishi lozim.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91404 | Инструменты