Oʻzbekiston Prezidenti Tojikiston parlamenti Majlisi milliy Raisini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi Majlisi oliy Majlisi milliy Raisi Rustami Emomalini qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Majlisi milliy Raisi davlat rahbariga Tojikiston Prezidentining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muloqot chogʻida Oʻzbekiston – Tojikiston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, jumladan, ikki mamlakat parlamentlari hamkorligi doirasida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzaro savdo va yuk tashish hajmlari ortib bormoqda. Sanoat, qurilish, energetika, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Qoʻshma Investitsiya kompaniyasi samarali faoliyat yuritmoqda.

Poytaxtlar va hududlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni ragʻbatlantirish, madaniy-gumanitar, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlar va qoʻshma tashabbuslarni ilgari surishda qonunchilik organlarining rolini oshirish, bu borada parlamentlararo komissiyalar, doʻstlik guruhlari hamda sohaviy qoʻmitalar faoliyatini faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110422 | Инструменты