Huawei 1
O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Prezidentlari alohida strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining sessiyasi doirasida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda o‘zaro hamkorlikda katta yuksalishga erishilgani, barcha darajalardagi almashinuv va muloqotlar jadallashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari barqaror oshib bormoqda. Koreya kompaniyalarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 8 milliard dollardan oshdi.

Yurtimizda Koreya yetakchi oliy taʼlim muassasalarining 4 ta filiali, mamlakatimiz hududlarida professional taʼlim markazlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya Eksimbanki va uning fondlari bilan ko‘p yillar davomida samarali sheriklik qilib kelinayotgani, loyihalarning umumiy portfeli 3,5 milliard dollarga yetganiga yuksak baho berildi.

Muhim xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, transport, aviatsiya, biotexnologiyalar va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surishni nazarda tutadigan yangi uzoq muddatli Texnologiya va sanoat sherikligi dasturini tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shu maʼnoda, Hukumatlararo komissiyaning bo‘lajak yig‘ilishini samarali qilib o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

Mintaqaviy, shu jumladan "Markaziy Osiyo - Koreya Respublikasi" formatida hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Koreya Prezidentini davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92412 | Инструменты