Shota Rustaveli ko‘chasi Shahrisabz ko‘chasidan Cho‘pon ota ko‘chasigacha avtotransport harakatlanishi uchun ochildi. Shaharning asosiy arteriyalaridan birida harakatlanish yo‘lga qo‘yildi. Cho‘pon ota ko‘chasidan Yangi Sergeli ko‘chasigacha bo‘lgan qismda esa ishlar jadal sur’atda davom etmoqda.
E’tiborga olish lozimki, avtotransport harakatlanishining ochilishi texnik xususiyatga ega, ya’ni texnik va texnologik (qurilish emas) ishlar bilan birga olib borilmoqda. Yondosh mahalla va mavzelardan kirish-chiqish yo‘llari, kommunal tizimlarni yotqizish, avtobus bekatlarini alohida to‘siq bilan o‘rash ishlari yakuniga yetkazildi.
"Iltimos, quyidagilarni inobatga oling: ushbu hududda yo‘l yoritgichlari qisman o‘rnatilgan, vaqtinchalik yo‘l chiziqlari chizilgan, avtobus yo‘lagida bekat majmualarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda, zamonaviy yo‘l belgilarining aksariyati allaqachon o‘rnatilgan, barcha svetofor tizimlari ulanib, me’yoriy tarzda ishlamoqda.
Jarayonlarni yakunlashga qaratilgan ishlar tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda davom ettiriladi. Ushbu qaror poytaxtdagi transport vaziyatini yengillashtirish maqsadida harakatlanishni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish va tiklash bo‘yicha umumiy rejaning bir qismidir.
Shu munosabat bilan, ish jarayonida bartaraf etiladigan kamchilik va nosozliklar yuzaga kelishi mumkinligini tushunish bilan qabul qilishingizni so‘raymiz.
Aholidan, barcha qatnov ishtirokchilaridan, ota-onalar va bolalardan alohida ehtiyotkorlik bilan harakat qilishni so‘raymiz — yo‘lning qatnov qismida ishchilar va texnika ishlamoqda", deyiladi Toshkent shahar hokimligi xabarida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92414 | Инструменты