Huawei 1
O‘zbekiston, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro elektr energiyasi yetkazib berishni muhokama qilmoqda — Energetika vazirligi

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy energetika tizimlarini o‘zaro bog‘lash tarafdori ekani haqida xabar berilgandi. Prezident energetika vazirlariga yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini qurish bo‘yicha mega-loyihalarni amalga oshirish masalalarini diqqat bilan o‘rganishni taklif etdi.

Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov intervyusida Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasida energiya koridorini yaratish masalasi “juda muhim” ekanini aytdi.

“Yaqinda Ozarbayjon orqali Yevropaga [elektr energiyasini eksport qilish] loyihasini boshlab yuborganmiz. Xuddi shunday loyihani biz O‘zbekiston-Qozog‘iston-Qirg‘iziston-Xitoy yo‘nalishida amalga oshirish va transchegaraviy yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha hisob-kitoblarni boshlaganmiz”, — dedi u.

Mamadaminovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo va Xitoy energetika tizimlarini bir biriga bog‘lash “juda katta loyiha” hisoblanadi. Natijada mintaqa davlatlarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi Xitoydagi ortayotgan iste’molning bir qismini qondirishi mumkin, qishda gaz taqchilligi vaqtida esa Xitoy energiyasi importi hisobiga qoplash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, energetika vaziri o‘rinbosari Markaziy Osiyo — Xitoy sammiti doirasida Ostona shahrida energetika bo‘yicha alohida forum tashkil etilganini ma’lum qildi. Unda yuqori kuchlanishli o‘zgarmas tok liniyasini qurish loyihasi, “aqlli” elektr tarmoqlari (smart grid) va elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha Xitoy tajribasi muhokama qilingan.

Tomonlar “yashil” energiya manbalarini integratsiya qilish uchun boshqaruv tizimini yaratish, uning barqarorligini ta’minlovchi yechimlar topish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72720 | Инструменты