O‘zbekistonda 9 oyda 1 441 ta poraxo‘rlik jinoyati aniqlandi – IIV

O‘zbekistonda joriy yilning to‘qqiz oyida 3 tonnadan ortiq giyohvandlik vositasi noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi, 319 ta narkolaboratoriya aniqlandi. Bu haqda bugun, 9 oktyabr kuni Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Qonun ustuvorligi va jamoat xavfsizligi: Ichki ishlar organlarining 9 oylik faoliyat yakunlari va ustuvor vazifalar” mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4 021 taga kamaygan. Xususan, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyatlar 5,5 foizga, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 20,7 foizga, yoshlar ishtirokidagi jinoyatlar 24 foizga qisqargan. Shuningdek, mast holda sodir etilgan jinoyatlar 5,4 foizga, muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 8 foizga, ishsiz fuqarolar sodir etgan jinoyatlar esa 21,1 foizga kamaygan.

“O‘tgan to‘qqiz oyda jami 24 828 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatning oldi olingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4 021 taga kamayishiga erishildi”, dedi Ramazon Ashropov.

Hisobot davrida hokimliklar tashabbusi bilan 3 117 ta jinoyat aniqlanib, ularni fosh etish ko‘rsatkichi 31,2 foizga yaxshilangani ma’lum qilindi.

Giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq 1 393 ta jinoyat aniqlangan. Noqonuniy muomaladan jami 3 tonna 357 kilogramm giyohvandlik vositasi olib qo‘yilgan. Bundan tashqari, 2 120 kvadrat metr maydondagi taqiqlangan o‘simliklar yo‘q qilingan, nazorat ostidagi 962 dona dori vositasining aholi orasiga tarqalishining oldi olingan.

Noqonuniy narkolaboratoriyalarga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 319 ta laboratoriya aniqlanib, 122 ta uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash yo‘nalishida jami 5 064 ta jinoyat qayd etilgan. Ularning 2 085 tasi qo‘shmachilik, 165 tasi odam savdosi, 1 009 tasi noqonuniy qurol muomalasi, 97 tasi esa ma’muriy nazorat qoidalarini buzish bilan bog‘liq.

Korrupsiyaga qarshi kurash doirasida 6 809 ta jinoyat aniqlangan. Shundan 1 441 tasi poraxo‘rlik, 1 166 tasi talon-toroj qilish va o‘zlashtirish, 387 tasi noqonuniy valyuta operatsiyalari, 1 603 tasi firibgarlik holatlarini tashkil etgan.

Shuningdek, ichki ishlar organlari tezkor xizmatlari tomonidan avval sodir etilgan, biroq ochilmay qolgan 20 mingdan ortiq jinoyat fosh etilgan. Sud va tergov organlaridan yashirinib yurgan qariyb 8 ming nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan. Turli sabablarga ko‘ra bedarak yo‘qolgan 4 863 nafar fuqaro oilasiga qaytarilgan.

Shu bilan birga, Jazoni ijro etish departamenti boshligʻi oʻrinbosari Mansur Qodirov 17 nafar tarbiya koloniyasidagi tarbiyalanuvchilar Oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilinganini ma'lum qildi. Uning so'zlariga ko'ra, joriy yilda "Ikkinchi imkon" loyihasi asosida muassasalarda jazo muddatini oʻtayotgan 350 nafar mahkumlar zamonaviy kasb-hunar va chet tillariga oʻqitilmoqda. Shundan17 nafar tarbiya koloniyasidagi tarbiyalanuvchilar masofaviy taʼlim asosida Oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100918 | Инструменты