Huawei 1
O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi bo‘yicha Saudiya Arabistoni bilan muzokaralari yakunlandi

Joriy yilning 16-noyabr kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 7-yig‘ilishi o’z ishini boshladi. Bu haqda Uzreport TV jurnalisti Dilafruz Kulmatova Jenevadan xabar berdi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston bir necha davlatlar, jumladan Turkiya, Mo'g'uliston va Saudiya Arabistoni bilan aʼzolik bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida bayonnomalar imzoladi. Shunday qilib, O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi bo‘yicha yakuniy kelishuv imzolagan davlatlar soni oltitaga yetdi.

Eslatib o'tamiz, unga qadar O'zbekiston bilan tashkilotga a'zo bo'lish borasida muzokaralarni yakunlash bo'yicha bayonnoma Gruziya, Nigeriya kabi davlatlar bilan imzolangan edi. Yana ikkita davlat, ya'ni Shri-Lanka va Yaponiya bilan muzokaralar yakunlangan va bu bo'yicha bayonnoma imzolanishi kutilmoqda. Umumiy hisobda bugungi kunda O'zbekistonning JSTga qo'shilishi bo'yicha muzokaralar olib borish istagini 32 davlat bildirgan. 

Hujjatlarni imzolash marosimlari  JSTning Jenevadagi bosh qarorgohida bo'lib o'tdi. Ushbu hujjatlar mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qo'shilishi doirasida ana shu mamlakatlar bilan tovar va xizmatlar bozoriga chiqishga oid yakuniy kelishuvlarni nazarda tutadi. 

Xususan, O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi ikki tomonlama muzokaralar yakuni bo'yicha o'zaro savdo munosabatlarini yanada mustahkamlash va tovar ayrboshlash sohasida hamkorlik qilishga kelishib olindi. Bayonnoma O'zbekiston prezidentining JST masalalari bo'yicha maxsus vakili Aziz O'runov va Saudiya Arabistonining JSTdagi elchisi Saqer Almoqbel o'rtasida imzolandi. Tadbirda shuningdek O'zbekiston bosh vaziri o'rinbosari, JST bilan ishlash bo'yicha idoralararo komissiya raisi Jamshid Xo'jayev ham ishtirok etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122315 | Инструменты