Huawei 1
O‘zLiDep va “Milliy tiklanish” partiyalarining Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari birlashib, “Taraqqiyot blogi”ni tuzdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi “Taraqqiyot bloki”ni tashkil etish yuzasidan bitim imzoladilar.

“Taraqqiyot bloki” 93 nafar deputatni birlashtirib, parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etadi va yetakchi siyosiy kuchga aylanadi.

Mazkur blokni tuzishdan asosiy maqsad – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalari sa’yi-harakatlarini birlashtirish orqali partiyalarning dasturiy maqsad hamda vazifalarini samarali amalga oshirishga erishishdan iborat.

“Taraqqiyot bloki” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida qisqa davrda mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va qambag‘allikni qisqartirish, ochiqlik siyosatini yuritish, mamlakat iqtisodiyoti va xalqaro nufuzini oshirish sohalarida tarixiy islohotlar amalga oshirilganligini e’tirof etgan holda bu boradagi ishlarni izchil va qat’iy davom ettirish jonajon O‘zbekistonimizni yuksaltirishning yagona to‘g‘ri yo‘li, deb hisoblaydi.

“Taraqqiyot bloki” xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash maqsadida qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, uni amalga oshirishga qaratilgan hukumat dasturini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi hamda hayotga tatbiq etilishini ta’minlashda bor imkoniyatlarini safarbar etadi.

Partiyalarning parlamentda yagona kuch sifatida birlashishiga dasturiy maqsadlar, siyosiy mafkura va yo‘nalishlar mushtarakligi va g‘oyaviy uyg‘unligi, shuningdek ko‘p yillik faoliyat davomida to‘plangan amaliy tajriba asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ikkala partiya dasturiy qarashlar, maqsad va vazifalar jihatidan o‘zaro yaqindir. Siyosiy maydonda har ikki partiya g‘oyaviy jihatdan o‘ng qanotda joylashgan bo‘lib, O‘zLiDeP o‘ng-markaz, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi esa o‘ng partiya hisoblanadi.

“Taraqqiyot bloki” barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, milliy manfaatlarni qat’iy himoya qilish, ko‘p asrlik milliy-tarixiy tajribaga tayanib faoliyat yuritishni muhim deb hisoblaydi. O‘zbekiston ravnaqini fraksiyalarni birlashtiruvchi asosiy omil deb biladi.

Partiyalar o‘rtasidagi hamkorlik samaralari bugungi kunda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida mamlakatda muhim islohotlar amalga oshirildi.

Partiyalarning jamiyat va davlat uchun dolzarb masalalarni hal etishdagi hamkorlik tajribasi ushbu amaliyotni parlament faoliyatiga tatbiq etish imkonini beradi.

Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish, milliy manfaatlarni ro‘yobga chiqarish va yurt taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilish jarayonlarida ikkala partiya yagona kuch sifatida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

“Taraqqiyot bloki”ning ustuvor faoliyat yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:

– milliy iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va eksport salohiyatini oshirish, monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazish;

– har bir fuqaroning xususiy mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash, fuqarolarning iqtisodiy faoliyat erkinligini rag‘batlantirish orqali aholi turmush darajasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

– so‘z erkinligiga qarshi har qanday urinishlarga qarshi turish va mustaqil nodavlat matbuot tizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda erkinlik va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish;

– ta’lim sifatini oshirish va inson salohiyatini rivojlantirish, nodavlat ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish;

– sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, tibbiy sug‘urtani joriy qilish, nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish;

– soliq ma’murchiligi tizimini soddalashtirish, barcha tadbirkorlar uchun soliqni to‘lash borasida adolatli va teng sharoitlar yaratish, soliq stavkalarining o‘zgarmasligini ta’minlovchi siyosat yuritish;

– davlat budjeti xarajatlarini qisqartirish, raqamlashtirish orqali byurokratiyani bartaraf etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish;

– fuqarolarga shaxsiy tanlov imkonini beruvchi xususiy jamg‘arma pensiya tizimini yaratish, raqobatbardosh va bozor mexanizmlari orqali boshqariladigan zamonaviy, shaffof pensiya tizimiga o‘tish;

– mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatlash.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalari ushbu blok orqali umumiy manfaatlarga erishish yo‘lida hamkorlikni yanada samarali yo‘lga qo‘yadi.

Mazkur tashabbus milliy manfaatlarga xizmat qilib, mamlakatni yanada rivojlangan, qudratli, adolatli va zamonaviy davlatga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.

Partiyalar elektorat ishonchi va qo‘llab-quvvatlashini oqlash uchun o‘z faoliyatini samarali davom ettiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60612 | Инструменты