Huawei 1
O'zbekiston hukumati Turkmaniston va Eron bilan transport sohasida qator kelishuvlarga erishdi

Joriy yilning 15-16-avgust kunlari Turkmanistonning "Avaza" milliy sayyohlik zonasida dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan davlatlar Transport vazirlarining “Ashxobod jarayoni: o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish uchun” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda 5 ta davlatdan Transport vazirlari qatnashdi(Eron, Tojikiston, Turkmaniston, BAA va O'zbekiston).

 

Turkmaniston transport vaziri Mammetxan Chakiyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida tomonlar Ashxobod bitimi doirasida “O‘zbekiston–Turkmaniston–Eron” xalqaro transport va tranzit yo‘lagi orqali yuklarni Turkiyaga (Van ko‘li orqali) intermodal tashuvlarlarini tashkil etish, avtomobil tashuvlarida undiriladigan yig‘imlarni qisqartirish, O‘zbekiston milliy haydovchilariga Turkmaniston vizasini olish tartibini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Eron yo‘l va shaharsozlik vaziri Said Rustam Qosimiy bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda avtomobilda xalqaro yuk tashuvlari uchun o‘rnatilgan yig‘im va to‘lovlar miqdorini qisqartirish, “Chobahor” portidan O‘zbekistonga pilot yuk avtomobil tashuvlarni tashkil etish, O‘zbekiston orqali “Xitoy-Yevropa” transport yo‘nalishida tashuvlarni rivojlantirish maqsadida Eron tomoni bilan Turkiyaning Van ko‘li orqali tashuvlar sxemasini hamkorlikda ishlab chiqishga kelishildi.

Uchrashuvlar yakuniga ko‘ra Transport vaziri Ilhom Mahkamov tomonidan 2011-yilda imzolangan Ashxobod bitimiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha besh tomonlama Ahdlashuv memorandumi imzolandi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston va Qirg'iziston vakillari temiryo'l sohasidagi ikki tomonlama imkoniyatlarni muhokama qilgani haqida xabar bergan edik. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70409 | Инструменты