Huawei 1
Gruziya parlamenti bir partiyaliga aylandi

Gruziya parlamenti mamlakat sobiq bosh vaziri Giorgi Gaxariyaga tegishli bo‘lgan “Gruziya uchun” muxolif partiyasining 12 nafar deputatini mandatlaridan mahrum qildi. Deputatlarning vakolatlari tugatilishiga sabab sifatida partiya aʼzolarining parlament yig‘ilishlarida qatnashmaganliklari ko‘rsatildi. Shuningdek, partiya davlat moliyaviy qo‘llovidan ham mahrum qilindi.

Parlament raisi Shalva Papuashvilining aytishicha, Gaxariya boshchiligidagi partiyasi vakillari “asosli sabablar” bo‘lmas-da, parlament yig‘ilishlarini doimiy ravishda qoldirib kelgan.

Partiya yetakchisi Giorgi Gaxariya bunga javoban partiya aʼzolari yig‘ilishlarni qoldirmaganini, balki "nolegitim parlament"ni boykot qilganini taʼkidladi. U partiya aʼzolarining mandatlardan mahrum qilinishini "Kreml qo‘llanmasidan yulib olingan sahifa" deb atadi.

Gaxariyaning so‘zlariga ko‘ra, muxolif deputatlar daxlsizlik huquqidan mahrum qilinmoqda, bu esa siyosiy taʼqiblar uchun yo‘l ochish va shu yil kuzida bo‘lib o‘tadigan mahalliy saylovlar arafasida muxolifatni batamom yo‘qotish maqsadida qilinmoqda.

Gruziya qonunchiligiga ko‘ra, mamlakat parlamenti tarkibida 150 deputat bo‘lishi kerak, biroq hozirda faqat 89 nafar deputat parlament ishida ishtirok etmoqda. Ulardan 79 nafari “Gruziya orzusi” partiyasidan, yana 10 nafari esa ushbu partiya ro‘yxati orqali saylanib, keyinchalik “konstruktiv muxolifat” tuzish uchun ajralib chiqqan. Parlamentga 61 nafar muxolifat vakili saylangan, biroq barcha muxolif partiyalar saylov natijalarini tan olmay, parlament faoliyatini boykot qilishlarini eʼlon qilgan.

"So‘nggi bir oy ichida Gruziyada 6 nafar partiya yetakchilari hibsga olingan, asosiy muxolifat kuchlari esa yetakchisiz qolgan. Giorgi Gaxariya ayni paytda mamlakatdan tashqarida", deya yozmoqda DW.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70400 | Инструменты