O'zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiyaning Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi davomida Dubay xalqaro moliya markazida (DIFC) «Uzbekistan Outsourcing Conference» mavzusida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchi ikki davlat korxonalari vakillari qatnashgan tadbirda O'zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o'rtasida IT-sohani rivojlantirish bo'yicha o'zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Vazir Sherzod Shermatov anjumandagi nutqida, O'zbekistonda IT- sohasida amalga oshirilgan ishlar, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi xorijiy kapitalga ega korxonalarga taqdim etilayotgan imtiyozlar va istiqboldagi rejalar haqida to'xtalib o'tdi.
Shuningdek, tadbirda O'zbekistonda faoliyat olib boruvchi xorijiy kompaniyalar jumladan, O'rta Sharq sanoatni rivojlantirish boshqarmasi, «TBC Bank Uzbekistan» AJ, «Veon ADTeCh» , «Kanoo group» va boshqa korxonalar rahbarlari O'zbekistonda dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarishda o'z tajribalari hamda erishgan natijalari bilan ishtirokchilarni tanishtirdilar.
"IT-Park Uzbekistan" direktori Farxod Ibragimov dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchi BAA korxonalarini 2024-yilda O'zbekistonda bo'lib o'tadigan xalqaro tadbirlarga taklif qildi.
Tadbir doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi va «Achar Apps ventures» kompaniyasi o'rtasida O'zbekistonda AKT sohasida kadrlar salohiyatini oshirish bo'yicha akademiya va markazlar tashkil etish, mahalliy AKT korxonalari iqtisodiy o'sishiga investitsiyaviy ko'maklashish yo'nalishlarida hamkorlik yuzasidan anglashuv memorandumi imzoladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122305 | Инструменты