Huawei 1
Oziq-ovqat xavfsizligi, kosmik tadqiqotlar, ekologik ekspertiza sohalarida yangi meʼyorlar joriy etiladi

Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qonun bilan qator masalalarga oydinlik kiritilayotgani qayd etildi. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi asosiy tamoyillar va davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilmoqda.

Eng asosiysi, oziq-ovqat xavfsizligi sohasini tartibga solish mustahkamlanmoqda. Bunda, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda Vazirlar Mahkamasi, vakolatli davlat organi, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari aniqlashtirildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida vakolatli davlat organi sifatida Qishloq xo‘jaligi vazirligi belgilanmoqda. Vazirlikka ijro etuvchi hokimiyat organlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari hamda xomashyosini ishlab chiqarish bilan bog‘liq faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar tayyorlash, oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy taʼsir etuvchi omillarni o‘rganish asosida ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va rivojlantirishga doir qisqa, o‘rta hamda uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish kabi qator vakolatlar berilmoqda.

Qonunda oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha davlat tomonidan qanday choralar ko‘rilishi, oziq-ovqat balansini shakllantirish, isteʼmolchilarning hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari aniq qilib belgilab qo‘yilmoqda.

Qonunning amaliyotga tatbiq etilishi mamlakatdagi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni yagona hujjatga unifikatsiya qilish va tizimlashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qonunda kosmik faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari nazarda tutilgan. Shuningdek, kosmik sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish, kosmik infratuzilma va faoliyat xavfsizligi, faoliyatni moliyalashtirish asoslari hamda xalqaro hamkorlik masalalari hujjatda o‘z aksini topgan.

Qonunning qabul qilinishi kelgusida kosmik faoliyatni tartibga solish, kosmik faoliyat natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning oldini olish, atrof-muhitni muhofaza qilish, xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, majlisda “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi. Unda strategik loyihalarning atrof-muhitga taʼsirini baholash tizimini xalqaro qabul qilingan normalarga moslashtirish maqsadida strategik ekologik baholash tizimini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi natijasida xorijiy investor va tadbirkorlar uchun ishonchli, shaffof ekologik baholash tizimi yaratiladi. Davlat ekologik ekspertizasi obyektlari, strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalarini tayyorlash va qabul qilishda davlat va jamoatchilikning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy manfaatlari ko‘rib chiqilishi taʼminlanadi.

Bundan tashqari, “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi. Unda issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish natijasida hosil bo‘ladigan uglerod birliklari muomalasini amalga oshirishning tartibini belgilash hamda issiqxona gazlari chiqarilishining tizimli nazoratini taʼminlashga eʼtibor qaratilgan.

Qonuning qabul qilinishi mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirish, atrof -muhit va ekologiyani yaxshilash hamda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish uchun zarur sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12213 | Инструменты