O'zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulligi tomonidan Chexiyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda Pragada biznes-forum tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Tadbirda Chexiya Sanoat va savdo vazirligi, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha Savdo-sanoat palatasi, mutasaddilari, shuningdek, yirik chex kompaniya va tadbirkorlari, "UZBIC" O'zbekiston biznes va sanoat kengashi nodavlat tashkiloti rahbariyati va kengashga a'zo 11 ta eksportbop mahsulot ishlab chiqaruvchi o'zbek korxonalari vakillari ishtirok etdi.
Forum davomida "UZBIC" a'zolari va yetakchi Chexiya kompaniyalari vakillari o'rtasida B2B formatida muzokaralar tashkil etildi. Tomonlar farmatsevtika, elektronika va elektrotexnika, energetika, to'qimachilik va kimyo sanoati, logistika, qurilish va boshqa istiqbolli sohalarda konstruktiv muloqot o'rnatish hamda o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning aniq yo'nalishlarini belgilab oldilar.
O'zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi bosh konsuli Olimjon Abdullayev tadbirdagi nutqida respublikamizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli tarkibiy o'zgarishlar haqida ma'lumot berdi. Milliy iqtisodiyotning ochiqligi va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga alohida e'tibor qaratildi. "O'zbekiston–2030" strategiyadagi belgilangan maqsadlar mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, xorijiy hamkorlar uchun barqaror sarmoyaviy muhitni ta'minlash ko'zda tutilgani alohida ta'kidlandi.
Chexiyaning G'arbiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha savdo-sanoat vakillari o'z navbatlarida so'nggi bir necha yil ichida O'zbekiston-Chexiya hamkorligi sezilarli faollashganini yuqori baholadilar. Joriy yilda har ikki davlat hukumat rahbarlarining o'zaro tashriflari, O'zbekiston tomoni vakillari bilan xalqaro miqyosdagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kuchli turtki berganini ta'kidladi. Chex tomoni, shuningdek, o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.
Tadbir O'zbekiston va Chexiya biznes vakillari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni yo'lga qo'yish, shuningdek, yuqori qo'shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo'yicha sanoat kooperatsiyasini kengaytirish uchun muhim platforma vazifasini bajardi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122310 | Инструменты