Huawei 1
Prezident «Amilov» qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikasiga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Amilov» qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikasini borib ko'rdi.

Umumiy qiymati 62 million dollar bo'lgan ushbu korxona poytaxtimizdagi sobiq «Lak-bo'yoq» zavodi o'rnida tashkil qilingan. Zavod binosi rekonstruksiya qilinib, joriy yil 5 oktyabrda ishga tushirilgan. Germaniya, Shveysariya, Italiya, Avstriya, Gollandiya kabi davlatlardan zamonaviy texnologiyalar keltirib o'rnatilgan. Qariyb 830 kishi doimiy ish bilan ta'minlangan.

Korxona yiliga 50 ming tonnaga yaqin qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bugungi kunda bu yerda shokolad, konfet, pechene, vafli kabi 60 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Bunday shirinliklar shu paytgacha yurtimizga asosan import qilinardi. «Amilov» fabrikasida tayyorlanayotgan qandolat mahsulotlari chet elnikiga nisbatan arzon va sifatli bo'lgani bois ichki bozorni tez egalladi. Natijada bunday mahsulotlar importini qirq foiz qisqartirishga erishildi. Qolaqersa, korxona yiliga 10 million dollarlik eksport qilishni rejalashtirgan.

Davlatimiz rahbari fabrikaning ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish, bunday korxonalarni ko'paytirib, raqobatni rivojlantirish, import bo'layotgan boshqa mahsulotlarni ham mahalliylashtirish bo'yicha topshiriqlar berdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52010 | Инструменты