O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari ko‘magida Rossiyaning Surgut shahrida oilaviy zo‘ravonlik qurboniga aylangan ona va uning uch nafar farzandi O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Bosh konsulxonadan olingan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 15 may kuni Bosh konsulxonaga I.M. turmush o‘rtog‘i Q.M. tomonidan kuchli bosim va tahqirlarga uchragani sababli doimiy yashash manziliga yuborishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Mazkur oila 2024 yil may oyida voyaga yetmagan ikki nafar farzand bilan birga Rossiyaning Surgut shahriga kelgan. Mazkur oilaning uchinchi farzandi ushbu shaharda tug‘ilgan.
Jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i Rossiya hududida qonuniy bo‘lishi uchun lozim bo‘lgan hujjatlarni rasmiylashtirmagan holda turli joylarda ishlagan. Oiladagi yetishmovchiliklar, tayinli ish joyi va daromadning yo‘qligi sababli mazkur oilada kelishmovchiliklar yuzaga chiqqan. Kunora bo‘layotgan janjaldan toqati toq bo‘lgan ona bolalarini olib, O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan. Bundan xabar topgan ota ularning pasportlarini olib qo‘ygan.
Diplomatlar mazkur oilada bo‘lib, Q.M.dan turmush o‘rtog‘i va farzandlarining hujjatlarini olib bergan va ularni Yekaterinburg shahriga olib kelgan. Shuningdek, I.M.ning Rossiyada tug‘ilgan uchinchi farzandiga vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilgan.
I.M. va uning 3 nafar farzandiga 19 may kungi “Yekaterinburg-Namangan” aviayo‘nalishidagi samolyotga aviachipta xarid qilingan va O‘zbekistonga kuzatib qo‘yilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52003 | Инструменты