Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo'lib o'tmoqda.
“Islohotlarimiz natijadorligi avvalo, sadoqatli, fidoyi va korrupsiyaga toqatsiz yangi avlodga bevosita bog‘liq. Bu ishda fikri toza yosh avlodni tarbiyalash ustuvor vazifaga aylanishi shart”, - dedi Prezident.
Shu maqsadda maktab direktorlari “Tarbiya” fani doirasida o‘g‘il-qizlarimizga halollik, birovni haqiga xiyonat qilmaslik kabi ezgu g‘oyalarni sodda tilda tushuntirib borishi kerakligi taʼkidlandi.
Rektorlar esa talaba va yoshlarning korrupsiyaga qarshi loyihalari, startap va innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘yishi zarur.
Umuman, “korrupsiya – kelajakka tahdid” degan g‘oya asosida Yangi O‘zbekiston yoshlari qalbidan joy oladigan tizim yaratilsa, ayni muddao bo‘lishi taʼkidlandi.
Prezident jamoatchilik vakillari va nodavlat tashkilotlariga murojaat qildi.
“Korrupsiyaga qarshi kurash – umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishidir. Umuman, bu jarayondan hech kim chetda turmasligi kerak.
Shu bois, korrupsiyaga nisbatan murosasiz bo‘lish uchun yana-da ko‘proq sharoit yaratib, bunga keng jamoatchilikni jalb qilishimiz zarur. Avvalo, nodavlat tashkilotlar faolligini oshirish lozim. Bu – eng to‘g‘ri yo‘l”, - dedi davlatimiz rahbari.
Parlament nodavlat tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning imkoniyatlaridan keng foydalanishi maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.
Masalan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiya talablarini monitoring qilishga nodavlat tashkilotlar jalb qilinsa, katta samara berishiga ishonch bildirildi.
Ushbu maqsadlar uchun yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga har yili 10 milliard so‘mdan ajratib boriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 43006 | Инструменты