NYT Mujtabo yaralanganini xabar qildi. Erondagilar rad etdi

Eronning yangi diniy rahnamosi Mujtabo Xominaiy urushning birinchi kunidayoq oyog‘idan yaralangan va u saylanganidan buyon omma qarshisiga chiqmayotgani va hech qanday bayonot bermayotgani ham shu bilan bog‘liq, deya yozdi The New York Times Erondagi uch manbasiga asoslanib.

NYT suhbatdoshlariga ko‘ra, Xominaiy yaradorligi haqida ularga «hukumatdagi ancha yuqori lavozimli shaxs» ma’lum qilgan. Shu bilan birga, Eronning yangi rahbari hushidaligi va aloqa vositalari ishlatilmaydigan, alohida qo‘riqlanadigan joyda yashiringani qayd etilgan.

Isroildagilar ham Mujtaba Xominaiy 28 fevral kungi hujumlar oqibatida yaralangan, degan xulosaga kelgan.

Gazetaning qayd etishicha, nomi davlat televideniyesi va Irna davlat agentligida qanday tilga olingani ham yangi oliy rahbar yaralanganini bilvosita tasdiqlovchi dalillardan biri bo‘lmoqda – saylangani haqidagi xabarlarda Xominaiyni «yarador urush faxriysi» deb atashgan. Bundan tashqari, nufuzli davlat diniy xayriya tashkiloti bo‘lgan Imdod qo‘mitasining tabrik bayonotida ham Xominaiyga nisbatan urushda yaralangan faxriyni anglatuvchi forscha atamani qo‘llashgan.

Erondagilar esa Xominaiy yaralanganini rad etmoqda. Xususan, islom respublikasi prezidenti Yusuf Pizishkiyon yangi diniy rahnamo sog‘ ekanini aytgan. «Men janob Mujtaba yaralangani haqidagi xabarlarni eshitdim. U bilan aloqada bo‘lgan do‘stlardan so‘radim. Ular aytishdiki, u Xudoning marhamati bilan sog‘-salomat, hech qanday muammo yo‘q», – deya yozgan u 10 mart kuni o‘z telegram-kanalida.

Mujtaba Xominaiy yaralangani haqida 7 mart kuni Isroildagi «12 kanal» nashri ham o‘z manbasiga tayanib xabar tarqatgandi. O‘sha vaqtda Mujtaba Xominaiyni 28 fevral kuni o‘ldirilgan Ali Xominaiy o‘rniga Eronning yangi diniy rahnamosi bo‘lish uchun asosiy da’vogar deb atashayotgandi.

8 mart kuni Eron rasmiy nashrlari yangi diniy rahnamo saylanganini e’lon qilishdi. Bu kutilganidek marhum rahbarning ikkinchi o‘g‘li, 56 yoshli Mujtaba Xominaiy bo‘lib chiqdi. Shu kuni Islom inqilobi muhofizlari korpusi Eronning yangi oliy rahbariga qasamyod qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31119 | Инструменты